2008 yil 16 sentabr kuni Toshkentda O`zbekiston Respublikasi orqali Yevropa va Osiyo o`rtasidagi avtomobilda tashuvlarni rivojlantirish, shuningdek, NELTI dasturi doirasida "Qashqar - O`sh - Andijon - Toshkent - Samarqand - Buxoro - Nukus - Qo`ng`irot - Beynav - Atirov - Astraxan` - Volgograd - Minsk - Varshava", "Qozog`istan - O`zbekiston - Turkmaniston - Eron - Turkiya - Yevropa" va "Buxoro - Saraxs - Mashhad - Bandar - Abbos" yo`nalishlarida tijorat tashuvlarini amalga tashkil etish masalalariga bag`ishlangan xalqaro konferensiya bo`lib o`tadi.
Mazkur konferensiyaning tashabbuskori Xalqaro avtomobil transporti ittifoqi (XATI)dir. 1948 yilda tashkil topgan va shtab-kvartirasi Shveysariyaning Jeneva shahrida joylashgan XATI xalqaro tashkilot sifatida 72 mamlakatdagi avtotransport sohasi muammolari bilan shug`ullanib keladi.
Xalqaro konferensiyaning asosiy maqsadi Markaziy Osiyodagi tranzit transport aloqalari va xalqaro avtomobil tashuvlarining rivojlanish istiqbollarini muhokama qilish, shuningdek, ishbilarmon doiralar vakillarini ushbu hududdagi transport imkoniyatlari bilan tanishtirishdan iborat.
Kun tartibiga ko`ra konferensiya doirasida jumladan quyidagi masalalarning muhokama qilinishi kutilmoqda:
- Markaziy Osiyoda iqtisodiy hamkorlikning rivojlanishi, xususan avtomobil transporti kommunikatsiyasidagi rivojlanish istiqbollari;
- Markaziy Osiyoda xalqaro avtomobilda tashuvlarning va tranzit transport aloqalarining rivojlanishi;
- XATIning avtomobilda samarali tijorat yuk tashuvlarini tashkil etish va Markaziy Osiyo mamlakatlarining tranzitga oid imkoniyatlarini keng ko`lamli reklama qilish yo`li bilan Osiyo va Yevropa o`rtasidagi avtomobilda tashuvlarni rivojlantirish yuzasidan hamkorlik qilishga chaqiruvchi "Yangi Yevroosiyo yer usti transporti tashabbusi" dasturini joriy etish.
O`zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi Axborot xizmati








