Shu yilning 29 aprelida O`zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining Toshkent viloyat hududiy bo`limi majlislar zalida avtomobil transportini rivojlantirishning ustuvor vazifalari, soliq qonunchiligidagi o`zgarishlarga bag`ishlangan seminar-kengash bo`lib o`tadi.
Seminarda O`zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi, O`zbekiston Respublikasi moliya vazirligi va Davlat soliq qo`mitasining mas`ul xodimlari, mutaxassislari, avtomobil transportida yo`lovchi va yuk tashish faoliyati bilan shug`ullanuvchi korxonalarning rahbarlari hamda bosh hisobchilari ishtirok etadi.
Kun tartibiga ko`ra seminar-kengashda quyidagi masalalar ko`rib chiqiladi:
- 2008 yildagi tarmoq faoliyatining asosiy natijalari, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2008 yilda mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2009 yilga mo`ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo`nalishlariga bag`ishlangan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma`ruzasida ko`zda tutilgan vazifalar, O`zbekiston Respublikasida 2010 yilgacha bo`lgan davrda xizmat ko`rsatish va servis sohalari rivojlanishini jadallashtirish chora-tadbirlari, "Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili" davlat dasturidan kelib chiqqan holda 2009 yilda rivojlanishning ustuvor vazifalari.
- Avtomobil transporti rivojlanishining me`yoriy-huquqiy bazasi. Turli tashkiliy-tuzilmaviy shakldagi avtomobilda tashuvchilar faoliyatining o`ziga xosligi. Umumfoydalanishdagi avtomobil transporti faoliyati bilan shug`illanuvchi yuridik shaxslar xodimlariga va xususiy tadbirkorlarga qo`yiladigan malakaviy talablar.
- Soliq va moliyaviy qonunchilikdagi o`zgarishlar.








