21.11.2011 / 171 marta o`qilgan
Xorazm viloyatidagi «Urganch yo‘lovchi trans» davlat unitar korxonasiga Samarqandda ishlab chiqarilgan 45 ta zamonaviy «Isuzu» rusumli avtobuslar olib kelindi.


Shu munosabat bilan Urganch shahrida ommaviy axborot vositalari xodimlari, mahalla fuqarolar yig‘ini raislari hamda keng jamoatchilik ishtirokida taqdimot marosimi o‘tkazildi. Unda so‘zga chiqqan viloyat hokimi O.Ollaberganov bu avtobuslar O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 13-apreldagi «Urganch shahri markaziy qismini rekonstruktsiya qilish dasturi to‘g‘risida»gi yig‘ilishi qarorining ijrosi doirasida olib kelinganligini ta’kidlar ekan, ularning shahar avtomobil transporti tizimini takomillashtirishga hissa qo‘shajagini hamda aholiga ko‘rsatilayotgan avtotransport xizmati sifatini yanada oshirish va arzonlashtirishda muhim o‘rin tutishini alohida ta’kidladi.

Shuningdek, tadbirda so‘z olgan O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi Xorazm hududiy bo‘limi boshlig‘i O.Jumaniyazov zamonaviy va bugungi kun talablariga to‘la mos keladigan ushbu avtobuslarni shahardagi ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan 1-, 4-, 5-, 7-, 9-, 13-, 17-yo‘nalishlarga qo‘yish ko‘zda tutilganini hamda ularda avtobuslar qat’iy qatnov jadvallari asosida, eng arzon tarif bo‘yicha aholiga xizmat ko‘rsatishini ma’lum qildi.
Viloyat avtotransport parkining bu tarzda yangilanishi yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilashga xizmat qilishi shubhasizdir.
O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi Axborot xizmati








