08.11.2011 / 149 marta o`qilgan
Qashqadaryo viloyatida hukumat qarori ijrosini ta’minlash va yo‘nalishsiz taksilarni tartibga solish bilan bog‘liq chora-tadbirlar davom ettirilmoqda.
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining “Yo‘nalishsiz taksilar faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 139-sonli qarori ijrosini ta’minlashga erishish maqsadida Qashqadaryo viloyatida ham qator tadbirlar belgilangan. Jumladan, joriy yilning avgust — oktyabr oylarida viloyat miqyosida va tumanlarda qaror mazmun-mohiyatini tashuvchilarga yetkazish maqsadida seminar-yig‘ilishlar o‘tkazilgan hamda bu tadbirlar davomida tegishli mutasaddilar zimmasiga bir qator vazifalar ham yuklatilgan edi.
Ana shu vazifalarning bajarilishini o‘rganish, qaror ijrosini ta’minlash yo‘lidagi sa’y-harakatlar davomida tug‘ilgan savollarni o‘rganish va muammolarni bartaraf etish maqsadida O’zbekiston avtomobil va daryo tranporti agentligining Qashqadaryo hududiy bo‘limi tomonidan noyabr oyidan boshlab tumanlarda takroriy seminar-yig‘ilishlar o‘tkazishga kirishildi. Shu kunga qadar Agentlik mutaxassislari viloyatning G’uzor, Qamashi, Shahrisabz, Kitob va Yakkabog‘ tumanlarida joylardagi mutasaddi tashkilot xodimlari, transport korxonalari rahbarlari va tashuvchilar ishtirokida ana shunday tadbirlarni tashkil etdilar.
Tadbir doirasida tumanlarda tashkil etilgan va tashkil etilayotgan yengil taksilar uchun maxsus to‘xtash joylari ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, ayni paytda yengil avtomobillarda yo‘lovchi tashish faoliyati uchun litsenziyaga ega bo‘lgan avtotransprt vositalarining tashqi va ichki taniqlik belgilari bilan jihozlanishi, xususan, sariq rangga bo‘yalishi holati o‘rganib chiqildi. Shunga asosan seminar-yig‘ilishlarda qaror ijrosini ta’minlash yuzasidan mazkur tumanlarda amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, kelgusida amalga oshirilish lozim bo‘lgan vazifalar belgilab berildi.
Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, Vazirlar Mahkamasining 139-son qarori ijrosiga bag‘ishlab Qashkadaryo viloyat teleradiokompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan bevosita muloqot ko‘rsatuvida Agentlik hududiy bo‘limi boshlig‘i T.Xolikov ishtirok etdi. Ko`rsatuvda teletomoshabinlardan tushgan savollarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri efir orqali javob qaytarildi va qo‘shimcha tushuntirishlar berildi.
O’zbekiston avtomobil va daryo tranporti agentligi Axborot xizmati








