12.02.2010 / 202 marta o`qilgan
G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beynov avtomobil yo‘lining 237-kilometridan o‘tuvchi Zarafshon daryosi ustidagi ko‘prik ta’mirlanib, zamonaviy qiyofa kasb etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining o‘tgan yili 21 yanvarda qabul qilingan 2009 yilda umumiy foydalanishdagi, xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llarini ta’mirlash dasturi to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq, ushbu obyektga 731 million so‘m mablag‘ sarflanib, rekonstruksiya qilindi.
– Mamlakatimizning xorij davlatlari bilan iqtisodiy aloqalari tobora rivojlanayotgan, yuk va yo‘lovchilar tashish hajmi oshib borayotgan hozirgi sharoitda qurilganiga qirq yildan oshgan ushbu ko‘prik mutlaqo talabga javob bermay qolgan edi, – deydi pudratchi tashkilot – Buxoro ko‘prik xo‘jaligini saqlashga ixtisoslashgan ta’mirlash-foydalanish davlat korxonasi bosh muhandisi Ahad Sayfullayev. – Rekonstruksiya ishlari serqatnov yo‘lda, avtomobillar harakatini to‘xtatmagan holda olib borildi. Ishni ikki smenada tashkil etganimiz bois obyektni bosqichma-bosqich qurib, zimmamizdagi vazifani muvaffaqiyatli uddaladik.
Yangi ko‘prikning eni oldingisidan qariyb to‘rt baravar keng bo‘lib, 26 metrga yetdi. Unda piyodalar uchun ham yo‘laklar barpo etildi. Ko‘prikka tutash yo‘lning 66 metrlik qismi ham zamonaviy inshootga mos ravishda rekonstruksiyadan chiqarildi.
Buxoro viloyati Kogon tumani hududidan o‘tuvchi Parallel kollektori ustida ham loyiha-smeta qiymati 542,9 million so‘m bo‘lgan ko‘prik barpo etildi.
O`zA.








