03.10.2011 / 229 marta o`qilgan
O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida “Yo‘nalishsiz taksilar faoliyatini tartibga solishga doir qonunchilikni takomillashtirish: muammo va yechimlar” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 18-mayidagi “Yo‘nalishsiz taksilar faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 139-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi hamda O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbirda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, “O’zavtosanoat” kompaniyasi, “O’zstandart” agentligi, O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki, O’zbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, O’zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi, Toshkent shahri va Toshkent viloyati hokimliklarining Yo‘lovchilar tashish transportining barcha turlari harakatini litsenziyalash va muvofiqlashtirish departamentlari vakillari, poytaxt aholisiga yo‘nalishsiz taksida yo‘lovchi tashish xizmatini ko‘rsatib kelayotgan eng faol avtokorxonalar rahbarlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdilar.
Davra suhbatida kun tartibiga ko‘ra tegishli idora vakillarining O’zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksiga qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha tayyorlangan qonun loyihasi to‘g‘risidagi, yo‘nalishsiz taksilar faoliyatini tartibga solish bilan bog‘liq muammolar va ularning yechimlari to‘g‘risidagi, yo‘nalishsiz taksilarda xizmat ko‘rsatuvchilar tomonidan soliq intizomiga rioya qilish masalalari haqidagi hamda Toshkent shahrida yo‘nalishsiz taksilar ishini tartibga solish va ular uchun maxsus turar joylarini tashkil etish borasidagi ma’ruzalari tinglandi.
Savol-javoblarga boy tarzda, qizg‘in davom etgan tadbirda avtokorxonalar vakillari ham yo‘nalishsiz taksilar faoliyatini tartibga solish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida o‘z fikr-mulohazalari va ayrim muammolarni bartaraf etish borasidagi takliflari bilan o‘rtoqlashdilar.
O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi Axborot xizmati








