04.03.2010 / 153 marta o`qilgan
Nukus shahridagi "Sanjar" ko`p tarmoqli xususiy firmasi tomonidan o`z mablag`lari hisobidan sotib olingan yetti dona "Damas" rusumli avtomobillar Qo`ng`irot shahridagi "Avtoboshbekat - Jana talap elati" yo`nalishli taksi yo`nalishiga chiqarildi.
Albatta, bu Respublikamizda avtotransport xizmati bozorida sog`lom raqobat muhiti yaratilganligi, mulkchilik shaklidan qat'iy nazar barcha tashuvchilarning sohaga o`z sarmoyalarini tikishlari uchun qulay imkoniyat mavjudligi tufayli erishilayotgan yutuqlardan biridir. Zero, har qanday mulkdor o`z mablag`larini biron joyga tikar ekan, avvalo undan kelajakda to`siqsiz foydalanilishiga, qolaversa, ertaga o`zi bilan daromad yetaklab kelishiga ko`zi yetishi kerak. Aks holda u bu ishga aslo tavakkal qilmaydi.
"Sanjar" KTXF kabi o`z sarmoyalarini avtotransport sohasiga tikayotganlar esa Qoraqalpog`iston Respublikasida, xususan Nukus shahrida keyingi paytda ancha ko`paydi. Buni birgina 2010 yilning o`tgan ikki oyi davomida xarid qilingan avtoulovlardan ham bilib olsa bo`ladi. Ayniqsa, "Matiz" rusumli avtomobillarni xarid qilib yengil taksi yo`nalishiga chiqarishda firmalar kimo`zarga o`ynamoqdalar. Masalan, Nukus shahridagi "Berdan Trans" MCHJ yettita, "Rostrans Nukus" MCHJ o`n yettita, "Asad Trans Nukus" MCHJ yigirma ikkita, "Magniy-Trans" MCHJ o`nta "Matiz" avtomobillarini sotib oldi. Ularning ayrimlari buning uchun o`z mablag`larini ishga solgan bo`lsalar, ayrimlari hatto banklardan olingan kredit mablag`laridan ham foydalandilar. Bu esa alaloqibat avtomobillarda yo`lovchi tashish xizmati sifatini yaxshilashga hissa qo`shmoqda.
O`zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi Axborot xizmati








