01.12.2011 / 165 marta o`qilgan
Namangan viloyati hokimligida avtotransport xizmati ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan korxonalar rahbarlari, mas’ul xodimlari va haydovchilari uchun seminar-yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
“Yo‘lovchilar tashish transportini rivojlantirish sohasida yagona texnika siyosatini amalga oshirish, yo‘nalishsiz taksilar faoliyatini tartibga solish, ular tomonidan yo‘lovchilar tashish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini va xavfsizligini oshirish borasida olib borilayotgan ishlar natijadorligi” mavzuidagi ushbu seminar-yig‘ilish O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 18-maydagi “Yo‘nalishsiz taksilar faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 139-son qarori mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, unda viloyatdagi yo‘nalishsiz taksilarda yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan 50 ta yuridik korxonalardan 500 nafarga yaqin avtotransportchi ishtirok etdi.
Mazkur tadbirda O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi Namangan hududiy bo‘limi boshlig‘i va ms’ul xodimlari, viloyatning barcha tumanlari hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari, viloyat IIB boshlig‘i o‘rinbosari, Namangan shahar IIB YHXG, viloyat DSB, Namangan shahar DSI boshliqlari, viloyat va tumanlar arxitektorlari, Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish boshqarmasi, Markaziy bankning viloyat bo‘limi, Moliya boshqarmasi, Savdo-sanoat palatasi viloyat bo‘limi, “Namangan avtotexxizmat” OAJ va Namangan shahar yo‘lovchi tashish boshqarmasi vakillari ishtirok etishib, tashuvchilar tomonidan berilgan savollarga o‘z vakolatlari doirasida javob berdilar. Shuningdek, tadbirda ishtirok etgan mahalliy OAV vakillari ham o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
Seminar-yig‘ilishni Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari B.Mamadaliev olib bordi.
O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi Axborot xizmati








