03.03.2010 / 159 marta o`qilgan
Jizzax viloyatida joriy yilning o`tgan qisqa davri mobaynida aholidan tushgan takliflarni inobatga olgan holda to`rtta yangi avtobus va yo`nalishli taksi yo`nalishlari ochilib, aholiga sifatli avtotransport xizmati ko`rsatila boshlandi.
Ayniqsa Adirabod qishloq fuqarolar yig`inidan Jizzax shahriga birvarakayiga ham avtobus, ham yo`nalishli taksi yo`nalishlari ochilib, unda avtotransport xizmati ko`rsatishda yetarli tajribaga ega bo`lgan "Jizzaxsarbontrans" xususiy korxonasi ulovlari qatnay boshlagani adirobodliklar va yana bir qancha qo`shni qishloqlar aholisi uchun katta qulaylik yaratdi.
Shuningdek, G`allaorol tumanida ochilgan "Naxroch - Jizzax avtoshohbekati" avtobus yo`nalishida "Jizzaxistiqloltrans" sho`ba korxonasiga qarashli, "Jizzax temir yo`l bekati - Osiyo bozori" yo`nalishli taksi yo`nalishida esa "Hyp sher Usturushona" xususiy korxonasiga qarashli ulovlar qishloq fuqarolarining uzog`ini yaqin, og`irini yengil qilmoqda.
Shu o`rinda ta`kidlash lozimki, yo`lovchi tashish xizmati sifatini yaxshilash maqsadida viloyat hududidagi barcha ishlayotgan va vaqtincha to`xtab qolgan yo`nalishlar o`rganib chiqildi. Mazkur monitoring natijalari asosida esa ishlab turgan yo`nalishlarda xizmat sifatini yaxshilash hamda vaqtincha ishlamayotgan yo`nalishlarni qayta tiklash bo`yicha muayyan chora-tadbirlar ko`riladi.
Shuningdek, monitoring natijasida viloyat hududida noqonuniy faoliyat ko`rsatayotgan avtotransport vositalari bo`yicha ham ma`lumotlar to`plandi. Ularga nisbatan o`z vaqtida tegishli qonuniy choralar ko`rish uchun esa doimiy ravishda reydlar o`tkazishga alohida e`tibor berilyapti. Zero, O`zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining Jizzax hududiy bo`limi tomonidan shahar va tumanlar hokimliklari, viloyat soliq boshqarmasi, viloyat IIB yo`l harakati xavfsizligi boshqarmasi hamda Jizzax shahar yo`lovchi tashish Transport Departamenti bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan bu kabi tadbirlar yakka tartibda ishlayotgan noqonuniy tashuvchilarning ham qonuniy faoliyat ko`rsatayotgan korxonalar safiga qo`shilishiga olib keladi. Natijada avvalo noqonuniy faoliyatga chek qo`yilib, yo`lovchilarning xavfsizligi himoya qilinsa, boshqa tomondan yangi yo`nalishlar ochish uchun yana qo`shimcha imkoniyatlar paydo bo`lishi ham kutilmoqda.
O`zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi Axborot xizmati








