25.11.2011 / 184 marta o`qilgan
O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi tashuvchilarga yo‘nalishsiz taksi uchun tanish belgilarini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolashlari mumkin bo‘lgan korxonani tavsiya etdi.
Avval xabar qilganimizdek, joriy yilning 11-oktabrida Yo‘nalishsiz taksilar uchun hisoblagichlar (taksometrlar) va tanish belgilarini yetkazib berish bo‘yicha yuridik shaxslarni tanlov asosida tanlab olish Komissiyasi tomonidan o‘tkazilib, unga asosan yo‘nalishsiz taksilar uchun tanish belgisini ishlab chiqaruvchi “Saraton Plast” mas’uliyati cheklangan jamiyati tanlov g‘olibi deb e’lon qilingan edi. Shuningdek, endilikda ushbu korxona tomonidan ayrim hujjatlar, jumladan, yo‘nalishsiz taksilar uchun tanish belgilarining tasdiqlangan va belgilangan tartibda “O’zstandart” agentligida ro‘yxatga olingan texnik shartlari hujjati taqdim etilishi lozimligi, shunda g‘olib haqidagi ma’lumotlar O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi tomonidan ommaviy axborot vositalarida va agentlikning rasmiy veb-saytida joylashtirilib, tashuvchilarga yo‘nalishsiz taksi uchun hisoblagichlarni (taksometrlarni) va tanish belgilarini yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzish tavsiya etilishi ko‘rsatib o‘tilgan edi.
Ma’lum bo‘lishicha, g‘olib ushbu hujjatlarni Komissiyaga taqdim etgan. Ya’ni, “Saraton Plast” mas’uliyati cheklangan jamiyatining tanish belgisini ishlab chiqarish bo‘yicha TSh 64-15002691-06: 2011 texnik shartlari 2011-yil 11-noyabrda “O’zstandart” agentligida 112/010778-son bilan Davlat ro‘yxatiga olingan.
Shu bois O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi tashuvchilarga yo‘nalishsiz taksi uchun tanish belgilarini yetkazib berish bo‘yicha “Saraton Plast” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan shartnoma tuzishni tavsiya etmoqda.
O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi Axborot xizmati








