05.02.2010 / 211 marta o`qilgan
Buxoro shahrida aholiga qulaylik yaratish maqsadida qator yangi yo‘nalishlarda avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilmoqda. Bunga viloyat markazida joylashgan 25-33 davlat unitar korxonasi avtoparkining yangilanishi va kengayishi tufayli imkon yaratildi.
Korxona “O‘zavtosanoatlizing” mas’uliyati cheklangan jamiyati ko‘magida besh yil muddatda to‘lov sharti bilan lizing asosida Samarqand avtomobil zavodida ishlab chiqarilgan ellikta avtobus oldi. Mazkur avtobuslar kuniga o‘rtacha 30 mingdan ziyod yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatmoqda.
– Davlatimiz rahbarining 2006 yil 14 dekabrda qabul qilingan Samarqand avtomobil zavodida ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish va respublika avtotransport parkini yangilash to‘g‘risidagi qarori avtoxo‘jaligimiz imkoniyatlari kengayishida muhim omil bo‘lmoqda, – deydi 25-33 davlat unitar korxonasi direktori Komil Ahadov. – Joriy yil oxirigacha Samarqand avtomobil zavodidan lizingga yana 150 avtobus keltirishni mo‘ljallamoqdamiz.
Texnik yangilanish transport xizmati bozorida raqobat tobora kuchayib borayotgan ayni sharoitda korxonaga o‘z mavqeini mustahkamlash imkonini bermoqda.
Buxoro shahar transport departamentidan olingan ma’lumotlarga qaraganda, 2010 yilda jami 16 yangi yo‘nalishda avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.
O`zA.








