04.11.2011 / 139 marta o`qilgan

Ushbu ko‘rgazmalarni o‘tkazishdan asosiy maqsad transport orqali tashishlar, avtoservis va umumiy xavfsizlik masalalarini uyg‘un holda ko‘rib chiqish, turdosh sohalar mutaxassislarining har yili uchrashishi uchun interfaol maydonchalar tashkil etishdan iborat. Tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Toshkent shahar hokimligi va boshqa idoralar tomonidan o‘tkazilmoqda.
Ko‘rgazmalarning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vazirining o‘rinbosari M.Soliyev va boshqalar hozirgi sharoitda himoya, xavfsizlik va inson hayotini muhofaza qilish tushunchalari alohida ahamiyat kasb etayotgani, ular sanoat xavfsizligini rivojlantirishning muhim asosiga aylanayotganini ta’kidladi. Bugun mamlakatimizda davlat xavfsizligini ta’minlash, odamlar salomatligini, xususiy mulk va boshqalarni muhofaza qilishga qaratilgan yangi texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Shu munosabat bilan mazkur ko‘rgazmalar Markaziy Osiyo kompaniyalari mutaxassislari va xorijiy ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida samarali tajriba almashish uchun o‘ziga xos maydon vazifasini o‘taydi, xavfsizlik sohasida davlat va fuqarolar huquqlarini himoya qilish maqsadida texnologik jarayonlarni rivojlantirish hamda eng yangi texnikani yaratishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Avtomobil yo‘llari O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda, iqtisodiyotimiz raqobatbardoshligini va aholi turmush darajasini, bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishda, ishlab chiqarish, biznes va ijtimoiy sohani rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi. Ayni paytda mamlakatimiz hududidan ko‘plab xalqaro avtomobil yo‘llari o‘tadi. O‘zbekistonning geografik jihatdan qulay joylashgani barcha yo‘nalishlarda xalqaro tashishlar, yuk va yo‘lovchilar oqimining mamlakatimiz hududi orqali o‘tishiga xizmat qiladigan kommunikatsiya liniyalari hamda yo‘nalishlarni tashkil qilish uchun katta imkoniyatlar yaratadi.
Iqtisodiyot tarmoqlari va mamlakatimiz hududlarini istiqbolli rivojlantirish hamda shu asosda yangi ish o‘rinlari tashkil etish, aholi bandligi va uning turmush darajasini oshirishga qaratilgan dasturlar ijrosini ta’minlash, ishlab chiqarish, transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini jadal rivojlantirish maqsadida 2010 yil 21 dekabrda Prezidentimiz Islom Karimovning “2011-2015 yillarda infratuzilmani, transport va kommunikatsiya qurilishini rivojlantirishni jadallashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu hujjatga muvofiq mamlakatimizda MDH, Yevropa davlatlari, keyinchalik esa shimoliy va shimoli-g‘arbiy bandargohlar, Fors ko‘rfazi va Qora dengiz bandargohlariga chiqishni ta’minlaydigan avtotrassalar bosqichma-bosqich qurilmoqda hamda rekonstruksiya qilinmoqda. Kempinglar, avtomobillarga yoqilg‘i quyish stansiyalari, servis xizmatlari ko‘rsatish punktlari va ixtisoslashtirilgan xalqaro transport terminallari tashkil etilmoqda. Bugun ish boshlagan ko‘rgazmalar mutaxassislarga logistika, transport vositalarini ta’mirlash, yuklarni xavfsiz yetkazib berishni ta’minlash, shuningdek, sanoat obyektlari bilan bog‘liq kompleks masalalarni muhokama qilish imkonini beradi.
Ushbu tadbirlarda dunyoning turli mamlakatlaridan ko‘plab
kompaniyalar qatnashmoqda. Ularda O‘zbekiston, Belarus, Germaniya,
Hindiston, Eron, Italiya, Xitoy, Latviya, Birlashgan Arab Amirliklari,
Rossiya, Ukraina, Finlyandiya, Chexiya Respublikasi, Shveysariyaning 70
kompaniyasi o‘z ekspozitsiyasini namoyish etmoqda. “O‘zbekiston temir
yullari” davlat aksiyadorlik kompaniyasi, Rossiyaning
“Transmashxolding”, “Uralskiye lokomotivi” kompaniyalari kabi yirik
transport infratuzilmasi korxonalari shular jumlasidandir.
– Kompaniyamiz yuk tortuvchi harakat tarkibini loyihalashtirish, ishlab chiqarish, sotish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi, – deydi “Uralskiye lokomotivi” mas’uliyati cheklangan jamiyatining marketing bo‘yicha mutaxassisi Marina Dakalova. – Ma’lumki, O‘zbekistonda transport, jumladan, temir yo‘l infratuzilmasi jadal sur’atlar bilan rivojlanib bormoqda. Korxonamiz yangi avlod elektrovozlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgani bois o‘zbekistonlik sheriklarimiz bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Mazkur xalqaro ko‘rgazmalar bu borada bizga yordam berishiga ishonamiz.
Finlyandiyaning bir guruh kompaniyalari joriy yilgi tadbirlarda ilk bor ishtirok etmoqda. “IMG” (O‘zbekiston) kompaniyasi tomonidan yaratilgan yangilik – avtotransport harakatini yo‘ldosh orqali kuzatish xizmati va uskunalari ko‘rgazmalar ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Yo‘l infratuzilmasi, transport va kommunikatsiyalar qurilishini takomillashtirish avtomobil tarmog‘ini rivojlantirish bilan chambarchas bog‘liqdir. Bugun O‘zbekiston jahonda avtomobil ishlab chiqarayotgan kam sonli mamlakatlar safiga qo‘shilgan hamda MDHda avtomobil yo‘llari sifati bo‘yicha yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. Bu “Transport va Logistika – TransUzbekistan – 2011” hamda “Avtomobillar, butlovchi qismlar, servis jihozlari – Auto&Parts Uzbekistan – 2011” yettinchi xalqaro ko‘rgazmasini bir maydonda o‘tkazish uchun asos bo‘lgan ayrim omillar, xolos.
Ko‘rgazma ishtirokchilari orasida avtomobil sanoatida faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy kompaniyalar ham bor. Italiyaning “ERA” va “AURIDA”, Rossiyaning “Auto-Elektro Dial” kompaniyalari, “Janmor (Polsha-O‘zbekiston) kompaniyasi shular jumlasidandir. Mamlakatimizdan “Autorobot Asia”, “Mega Mebiko”, “Miral Shina” korxonalari qatnashmoqda. Shuningdek, avtomobil oynalari ishlab chiqaruvchi “Avto oynalar Dunyosi”, motor moylari ishlab chiqaradigan “Lukoyl” korxonalari, O‘zbekistonning www.carroza.uz avtomobil bozori portali o‘z mahsulotlarini ilk bor namoyish etayotir.
– Mazkur ko‘rgazmalarda bir necha yillardan buyon faol qatnashib kelmoqdamiz, – deydi “Autorobot Asia” mas’uliyati cheklangan jamiyati ma’muri Farhod Umarov. – Kompaniyamiz shikastlangan avtomobillarni ta’mirlashda ishlatiladigan uskunalarni loyihalashtirish, ishlab chiqarish va sotish bilan shug‘ullanadi. Joriy yilda yangi “Avtorobot” uskunasini taqdim etmoqdamiz. Yangilik barcha zamonaviy texnologiyalarni, jumladan, masofadan turib boshqarish pultini o‘z ichiga olgan. Ko‘rgazmalarda ishtirok etish bo‘lajak xaridorlarni topish, xorijlik sheriklar bilan o‘zaro manfaatli munosabatlarni yo‘lga qo‘yish va tashqi bozorlarga chiqish imkonini beradi.
Ichki magistrallarni qurish, ularni xalqaro transport tarmoqlariga ulash masalalari bu borada ishonchli xavfsizlikni ta’minlashni taqozo etadi. “Qo‘riqlash, xavfsizlik va yong‘indan himoya – CAIPS – 2011” beshinchi Markaziy Osiy xalqaro ko‘rgazmasi mutaxassislarga Rossiya, Ukraina va Xitoyning yetakchi ishlab chiqaruvchilari tomonidan tayyorlangan xavfsizlik uskunalarini taklif etmoqda.
Xitoyning “Hytera Communications Co.Ltd” kompaniyasi “Tbs Inform” bilan birgalikda professional mobil radioaloqa tizimi uchun zarur uskunalarni, “Micros” foydalanishni nazorat qilish uskunalarini namoyish etmoqda. “Pojspetsmash” (Ukraina) zavodi, mamlakatimizdan “Yumirs” firmasining foydalanishni nazorat qilish uskunalari distribyutori “UMIRS-ASIA” qo‘shma korxonasi ham ko‘rgazmaning doimiy ishtirokchilaridir.
Tadbirlar tashkilotchilarining ta’kidlashicha, CAIPS amaliy dasturi doirasida xavfsizlik, intellektual mulkni himoya qilish va biznes tavakkalchiliklarini kamaytirish masalalari ilk bor muhokama etiladi. Shu maqsadda “Xalqaro standartlar asosida korxonalar va banklar xavfsizligi konsepsiyasini ishlab chiqish” va “Xalqaro bozorlarda ishlash borasidagi biznes tavakkalchiliklarini kamaytirish” mavzularida seminarlar tashkil etiladi.
Tahlilchilarning fikricha, yaqin yillar ichida xalqaro tashishlarning o‘sish sur’atlari ichki tashishlarga nisbatan oshadi va bu nafaqat mamlakatimiz transport kompleksi korxonalari, balki texnik va texnologik jihatdan yaxshi tayyorlangan xorijiy tashuvchilar bilan ham raqobatning kuchayishiga olib keladi. Shu sababli “TransUzbekistan – 2011”, “Auto&Parts Uzbekistan – 2011” va “CAIPS – 2011” ko‘rgazmalarining o‘tkazilishi bozorning barcha qatnashchilariga rivojlanish istiqbollarini o‘rganish hamda o‘zaro hamkorlik bo‘yicha yangi strategiyalarni belgilash imkonini beradi.








