10.02.2010 / 212 marta o`qilgan
O`zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining Surxondaryo hududiy bo`limida viloyatdagi avtoshohbekatlar, avtoboshbekatlar va avtotransport faoliyati bilan shug`ullanuvchi korxonalar rahbarlari ishtirokida yig`ilish o`tkazildi.
Yig`ilishda asosan O`zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi buyrug`i bilan tasdiqlangan va Adliya vazirligida 1305-raqam bilan ro`yxatdan o`tkazilgan "Yo`lovchilar avtovokzallari, avtostansiyalari to`g`risidagi Nizom" talablarining bajarilishi masalasi keng muhokama qilindi. Zero, mazkur Nizomda avtoshohbekat va avtoboshbekatlarning vazifalari aniq-tiniq qilib belgilab berilgan bo`lib, bu talablarning bajarilmasligi, tabiiyki, qoidabuzarlik hisoblanadi.
Shunga qaramasdan, O`zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining 2010 yil 2 fevraldagi 3/162-sonli va 4-fevraldagi 3/190- sonli xatlariga asosan o`tkazilayotgan monitoringlar ko`rsatmoqdaki, viloyatdagi ayrim avtoshohbekat va avtoboshbekatlar tomonidan ushbu vazifalarga mas`uliyatsizlik bildan yondashish holatlari mavjud. Xususan, yo`lovchilarga chipta sotilishi to`g`ri yo`lga qo`yilmaganligi, tashuvchilar bilan o`zaro hisob-kitoblarning vaqtida amalga oshirilmaganligi holatlari qayd etilgan.
Zero, chipta sotilishining to`g`ri tashkil etilishi daromadlarni yashirish kabi holatlarning oldini olishi bilan bir vaqtda, eng muhimi, yo`lovchilar uchun xizmat kafolati vazifasini ham o`taydi. Ya`ni, chiptani qo`lga olgan yo`lovchi o`ziga o`z vaqtida, sifatli va xavfsiz transport xizmati ko`rsatilishini talab qilish huquqiga ega bo`ladi.
Shundan kelib chiqqan holda yig`ilishda avtoshohbekat va avtoboshbekatlardan jo`natilayotgan har bir avtobus va mittiavtobuslardagi yo`lovchilarga to`liq chipta sotilishini ta`minlash masalasiga alohida e`tibor qaratildi. Masalaning yechimiga tez kunlarda erishish, uni nazoratda ushlash uchun esa barcha avtoshohbekat va avtoboshbekatlarga yo`lovchilarga chipta sotilishi borasidagi ma`lumotlarni Agentlik bo`limiga taqdim etib borish yuzasidan ko`rsatma berildi.
Shuningdek, yig`ilishda avtoshohbekat va avtoboshbekatlar tomonidan yuqorida qayd etilgani kabi mas`uliyatsizlik holatlarining takrorlanishi Agentlik tomonidan berilgan avtoshohbekat va avtoboshbekat pasportlarining bekor qilinishiga olib kelishi ham alohida ta`kidlanib, ularning rahbarlari bu borada ogohlantirildi.
Yig`ilishni O`zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi Surxondaryo hududiy bo`limi boshlig`i A.Aramov olib bordi.
O`zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi Axborot xizmati








