22.02.2010 / 176 marta o`qilgan
O`zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining Andijon hududiy bo`limi tomonidan aholiga qulaylik yaratish maqsadida tumanlardagi yo`lovchilar oqimi o`rganib chiqilib, tashuvchilar hamda avtoshohbekat va avtoboshbekatlarning imkoniyatlarini ham inobatga olgan holda 2010 yil davomida viloyatda ishga tushiriladigan avtobus va mittiavtobus yo`nalishlari bo`yicha reja ishlab chiqilib tasdiqlandi.
Rejada joriy yil davomida sakkizta avtobus va uchta yo`nalishli taksi yo`nalishlarini qayta tiklash va yangitdan ochish ko`zda tutilgan. Natijada viloyatdagi beshta tuman va ikkita shahar markazlari sifatli va xavfsiz avtotransport qatnovi bilan o`zaro bog`lanadi.
Jumladan, Qo`rg`ontepa tumani markazi Dehqonchak qishlog`i hamda Jalaquduq tumani markazi bilan, Marhamat tumani markazi Asaka shahri bilan, Paxtaobod tumanining Madaniyat qishlog`i tumanning Bo`ston qishlog`i, Poytug tumanining Arabqishloq qishlog`i hamda Andijon shahri bilan "Isuzu" avtobuslari qatnaydigan yo`nalish orqali bog`lansa, Asaka va Andijon shaharlari oralig`ida "GAZel`" mittiavtobuslari qatnay boshlaydi. Shuningdek, Oltinko`l tumanining Mad`yorobod qishlog`idan Andijon shahriga, Mallachek qishlog`idan esa tuman markaziga qatnaydigan yo`lovchilar ham uzluksiz yo`nalishli taksi xizmatidan bahramand bo`la boshlaydilar.
- Albatta, bu reja bugungi real imkoniyatlardan kelib chiqqan holda ishlab chiqildi, - deydi Agentlik hududiy bo`limi boshlig`i vazifasini bajaruvchi M.Haydarov. - Rejada ko`zda tutilgan yo`nalishlarda yil davomida sifatli va xavfsizlik talablariga mos avtotransport xizmati yo`lga qo`yilishiga ishonchimiz komil. Shu bilan birgalikda, tashuvchilar bilan hamkorlikda ularning imkoniyatlarni yanada kengaytirish, bu imkoniyatlardan unumli foydalangan holda esa yana yangi yo`nalishlar ochish ustida tinimsiz ish olib boraveramiz.
O`zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi Axborot xizmati








