Yuridik shaxslar xodimlarini (yuridik shaxs (yuridik shaxsning transport bo`linmasi (xizmati) rahbari, tashish jarayonini tashkillashtirishga javobgar bo`lgan yuridik shaxs (yuridik shaxsning transport bo`linmasi (xizmati) rahbarining o`rinbosari va tashishlar xavfsizligini ta`minlash masalalari bo`yicha mutaxassisni) attestatsiyadan o`tkazish O`zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining Attestatsiya komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Yuklarni avtomobil transportida tashish bilan shug`ullanayotgan xususiy tadbirkorlarni attestatsiyadan o`tkazish Komissiya tomonidan va/yoki ularning xohishiga ko`ra Agentlik hududiy bo`linmalarining Attestatsiya komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi.
Attestatsiya uchun savollar yuklar, yo`lovchilar va bagajni avtomobil transportida tashish qoidalarini, tashishlar xavfsizligini ta`minlashga doir, ularni bajarmaganlik uchun javobgarlikka tortish choralarini bilishni aniqlash zaruratidan kelib chiqib shakllantiriladi. Shuningdek, yo`lovchilar va yuklarni avtomobil transportida xalqaro tashishlar bilan shug`ullanayotgan tashuvchi korxonalarning xodimlari hamda yuklarni avtomobil transportida xalqaro tashishlar bilan shug`ullanayotgan xususiy tadbirkorlar xalqaro avtomobilda tashishlar sohasida O`zbekiston Respublikasining xalqaro konvensiyalari, shartnomalari va bitimlari me`yorlarini, chegaralarni kesib o`tish qoidalarini, xalqaro qonun hujjatlari me`yorlaridan tafovut qilgan hollarda qabul qilinadigan, transport vositalarining vazn va o`lcham parametrlariga qo`yiladigan talablar va taomillarni, "Xalqaro avtomobilda tashishlarni amalga oshiradigan transport vositalari ekipajlarining ishiga taalluqli bo`lgan Yevropa bitimi (ESTR)"ga ko`ra xalqaro avtomobilda tashishlarni amalga oshiradigan haydovchilarning mehnat qilish va dam olish rejimiga qo`yiladigan talablarni va hokazolarni ham bilishlari kerak.
Attestatsiyadan o`tish uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
- erkin shakldagi ariza;
- Mazkur Nizomga 1-ilovaga muvofiq shakl bo`yicha anketa;
- oliy yoki o`rta maxsus va mavjud bo`lgan taqdirda, avtomobil sohasidagi kasbiy ma`lumoti to`g`risidagi diplom nusxasi;
- mehnat daftarchasi va tegishli lavozimga tayinlash haqidagi buyruq nusxalari.
Anketa yuridik shaxs xodimi yoki xususiy tadbirkor tomonidan to`ldirilishi kerak. Anketaning barcha savollariga to`liq va batafsil javoblar berilishi lozim, anketaning birorta ustuni to`ldirilmagan holda qoldirilmasligi kerak. Bitta bo`lsa ham to`ldirilmagan ustun mavjud bo`lgan taqdirda, butun anketa to`liq to`ldirilmagan deb hisoblanadi va qo`shimcha ishlov berish uchun qaytariladi.
Zarurat bo`lganda Komissiya talabiga binoan anketa savollariga doir batafsil ma`lumotni kiritish va attestatsiyadan o`tadigan shaxsning qoniqarli ishbilarmonlik obro`sini tasdiqlash uchun anketaga qo`shimcha varaqlar ilova qilinishi lozim.
Hujjatlar bevosita Komissiyaga taqdim etiladi yoki pochta orqali ularning olinganligi to`g`risidagi xabarnoma bilan yuboriladi.
Hujjatlar Komissiya kotibi tomonidan ro`yxatga ko`ra qabul qilinadi, uning bir nusxasi yuridik shaxs xodimi yoki xususiy tadbirkorga hujjatlarni qabul qilish sanasi to`g`risida belgi bilan yuboriladi (topshiriladi).
Taqdim etilgan hujjatlar lozim darajada rasmiylashtirilmagan taqdirda yoki ular to`liq hajmda taqdim etilmaganda Komissiya yuridik shaxs xodimi va xususiy tadbirkorni attestatsiyaga qo`yishga rad javobini berishga haqli.
Taqdim etilgan hujjatlarga oid e`tirozlar bo`lmagan taqdirda ariza taqdim etgan yuridik shaxs xodimi yoki xususiy tadbirkor attestatsiyaga qo`yiladi.
Uzrli sabablarsiz ikki marta ketma-ket kelmagan attestatsiyaga da`vogar yuridik shaxs xodimi yoki xususiy tadbirkor attestatsiyaga qo`yilganlarning ro`yxatidan chiqariladi, bunda u taqdim etgan hujjatlar qaytarib beriladi.
_____________________________
Yangilangan sana: 08.10.2008 14:49