rus     eng     o'zb  
 
 
Sayt xaritasi Aloqa RSS
 
O`ZBEKISTON AVTOMOBIL VA DARYO TRANSPORTI AGENTLIGI
 
 
Bosh sahifa
Yangiliklar
Biz haqimizda
Komissiyalar, kengashlar, qomitalar
Litsenziyalash
Me`yoriy baza
Bazaviy interaktiv davlat xizmatlari
Qo`shimcha interaktiv xizmatlar
Malakaviy talablar
Tenderlar
Tanlovlar
Tadbirlar
Avtotransport xizmati fakt va raqamlarda
Xalqaro munosabatlar
uForum


O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshlig‘i o‘rinbosari Sh.Shovahobovning 2011-yil 21-oktyabrdagi Agentlik hay’ati yig‘ilishidagi Agentlikning 2011-yil 9 oyi ish yakunlari to‘g‘risidagi ma’ruzasi

Respublikada olib borilayotgan bozor iqtisodiyotini rivojlantirishda, avtomobil transporti xizmatlari bozorida bozor munosabatlarini va sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Agar 2000-yilda respublika bo‘yicha 2000 taga yaqin yo‘lovchilar tashish yo‘nalishlari faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, hozirgi kunda yo‘nalishlar soni 3809 taga (2010-yilda 3680 ta yoki o‘sish 103,5 foiz) yetdi. Ularning 982 tasi shahar, 2225 tasi shahar atrofi va 602 tasi shaharlararo yo‘nalishlardir.

Avtomobil transporti xizmatlari bozorida raqobat muxitini shakllantirish va barcha tashuvchilarga teng sharoit yaratib berish bo‘yicha viloyat va shahar hokimiyatlaridagi Komissiyalar hamda Agentlik qoshidagi  Idoralararo Komissiya tomonidan yo‘lovchi tashish yo‘nalishlari ochiq tender tanlovlari orqali joylashtirilmoqda.

Faoliyat ko‘rsatayotgan 3809 ta yo‘nalishning 3761 tasi yoki 98,7 foizi tenderlar orqali joylashtirilgan. Shu jumladan, 2011-yilning 9 oyida jami 112 ta ochiq tender o‘tkazilib, 1056 ta yo‘nalish joylashtirilgan. Shundan 35 ta tenderda 298 ta shahar yo‘nalishlari, 72 ta tenderda 586 ta shaharatrofi va 74 ta viloyat hududidagi shaharlararo yo‘nalishlari hamda 5 ta tenderda 98 ta shaharlararo-viloyatlararo yo‘lovchi tashish yo‘nalishlari tashuvchilar o‘rtasida joylashtirilgan.

Barcha viloyatlarda joriy yilning to‘rtinchi choragi uchun yo‘lovchi tashish yo‘nalishlarini ochiq tenderlar orqali joylashtirish va o‘tkazish jadvallari ishlab chiqilgan va tasdiqlangan.

Bu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar davom ettirilmoqda.

Hozirgi kunda respublikaning eng chekka qishloqlarida ham yo‘lovchi tashish transporti xizmati yetib bormagan joy qolmadi.

Agentlik ko‘magida Qo‘qon shahrida yangi avtovokzal va avtokemping qurilmoqda. Guliston shahridagi avtovokzal qayta ta’mirlanmoqda.

Viloyatlarda hokimliklar bilan birgalikda yo‘nalishlarda yo‘lovchilar oqimi va aholining yo‘lovchi tashishga bo‘lgan  extiyojlari o‘rganib chiqilmoqda va avtokorxonalardagi mavjud avtobuslarni yangilash masalalarida amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.

2011-yilning 9 oyi davomida Samarqand avtomobil zavodida ishlab chiqarilgan «Isuzu» avtobuslaridan Andijon viloyatida 104 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 101 ta, Surxondaryo viloyatida 70 ta, Buxoro viloyatida 33 ta, Samarqand viloyatida 27 ta, Toshkent viloyatida 26 ta, Farg‘ona viloyatida 25 ta, Navoiy viloyatida 12 ta, Qashqadaryo viloyatida 11 ta, Xorazm viloyatida 10 ta va Toshkent shahrida 13 ta jami 432 ta avtobuslar lizing asosida sotib olinib, shahar va shahar atrofi yo‘nalishlarida xizmat ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yildi.

Joriy yilning o‘tgan davrida respublika hududlarida jami 68 ta yo‘lovchi tashish yo‘nalishlarini ochilishi rejalashtirilgan bo‘lib, amalda 88 ta (130,0 foiz) yo‘nalish ochildi va 764 ta yangi ish o‘rinlari tashkil etildi.

Yangi yo‘nalishlarning barchasi qishloq hududlarida ochilib, aholiga sifatli xizmat ko‘rsatmoqda.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 9-martdagi «Avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish sohasidagi tadbirkorlik faoliyatining alohida turlarini amalga oshirishni tartibga solish to‘g‘risida»gi PQ-303-son qarori chiqqunga qadar jismoniy shaxslarni o‘z tarkibiga biriktirib faoliyat ko‘rsatayotgan yuridik shaxslar soni 314 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2011-yilning 1-oktyabr holatiga ularning soni 2042 taga yoki 7,5 martaga ortdi va 2356 tani tashkil etdi.

Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi respublika Kengashining reja-jadvaliga muvofiq Agentlik tomonidan hisobot davrida rejadagi barcha 42 ta tashkilot va korxonalarning avtotransport sohasidagi faoliyati tekshirildi va ularda turli xil kamchilik va nuqsonlar mavjudligi aniqlandi. O’zbekiston Respublikasining Soliq Kodeksiga muvofiq noqonuniy faoliyat ko‘rsatganlarga  nisbatan moliyaviy jazo choralari ko‘rish uchun Davlat soliq idoralariga tegishli hujjatlar topshirildi.

Hisobot davrida Agentlik xodimlari Davlat soliq qo‘mitasi va Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi vakillari bilan birgalikda yo‘llarda 3278 ta qo‘shma reydlar o‘tkazdilar. Natijada ular tomonidan  31632 ta avtotransport sohasida faoliyat ko‘rsatish qoidalarini buzish holatlari aniqlandi, shulardan 19106 tasi jismoniy shaxslar tomonidan sodir etilgan. Ushbu qoidabuzarliklar bo‘yicha hujjatlar tegishli ravishda rasmiylashtirilib, chora ko‘rish uchun soliq idoralariga topshirildi.

2011-yilning 9 oyi davomida litsenziatlarga tegishli 106 ta litsenziyaning amal qilish muddati 10 ish kuniga to‘xtatildi va 305 ta litsenziya litsenziat arizasiga ko‘ra tugatildi. Sud qarorlariga asosan 11 ta litsenziyaning amal qilish muddati tugatildi va 5 tasi bekor qilindi.

Agentlik tomonidan avtomobil va daryo transporti sohasiga oid normativ hujjatlarni ishlab chiqish ishlari ham davom ettirilmoqda. Jumladan o‘tgan davrda quyidagi hujjatlar ustida ish olib borildi:

1. Tashishlar xavfsizligini ta’minlash choralarini kuchaytirish,  yo‘lovchilar tashish yo‘nalishlarida band bo‘lgan avtomobil  tashuvchilarining tender tanlovi mexanizmini takomillashtirish, shuningdek,  yo‘lovchi va bagajlarni  avtomobil transportida tashish qoidalarini  tartibga solish maqsadida Agentlik tomonidan ishlab chiqilgan “Yo‘lovchilar  tashish yo‘nalishlarini joylashtirish uchun tenderlar o‘tkazish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 16-fevraldagi 34-sonli qarori bilan  tasdiqlandi.

2. Agentlik tomonidan xavfli yuklarni avtomobil transportida tashishni tashkil etish, tashish jarayoni ishtirochilarining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligini tartibga solish maqsadida ishlab chiqilgan “O’zbekiston Respublikasida avtomobil transportida xavfli yuklarni tashish qoidalari va O’zbekiston Respublikasida  avtomobil transportida  tashishga ruxsat etilgan xavfli yuklarning ro‘yxati” Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 16-fevraldagi 35-sonli qarori bilan  tasdiqlandi.

3. “O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 14-iyuldagi 138-sonli qarori bilan tasdiqlangan avtomobil transportida yo‘lovchilar va yuklarni shahar, shahar atrofi, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlarda tashish bo‘yicha faoliyatni litsenziyalash to‘g‘risida”gi Nizomga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘rsida”gi qarori loyihasi tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda kiritildi.

4. Bir qator davlat standartlari, nizomlar, rahbariy hujjatlarga kiritiladigan o‘zgartish va qo‘shimchalar ishlab chiqildi, jumladan:

4.1 “Sayyohlarni avtomobil transportida tashish” davlat standartiga yo‘lovchilar salonida yonilg‘i va boshqa yong‘indan xavfli suyuqliklar bilan sig‘imlarda (kanistralarda) tashishlar ta’qiqlanishi kiritilgan. Ushbu hujjat Ichki ishlar vazirligi, “O’zbekturizm” kompaniyasi bilan kelishilib, “O’zstandart” agentligiga ro‘yxatdan o‘tkazish uchun  kiritildi.

4.2 “Tashuvchining nazorat-texnik punktlarining ishi va navbatchi mexanikning lavozim majburiyatlari to‘g‘risida”gi Nizom Ichki ishlar vazirligiga kelishish uchun kiritildi.

4.3  Avtomobil transporti ishida harakat xavfsizligi ko‘zda tutilgan “Avtomobil transportida yo‘lovchilar va bagajni tashish bo‘yicha xizmatlarga qo‘yiladigan talablar” O’zbekiston davlat standarti ishlab chiqilishi yakunlanmoqda.

5. Vazirlar Mahkamasining “O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 4-noyabrdagi 482-son “O’zbekiston Respublikasida avtomobil transportida yo‘lovchilar va bagaj tashish qoidalarini hamda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish xavfsizlikni ta’minlashga doir talablarni tasdiqlash haqida»gi qaroriga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi ishlab chiqildi va kelishish uchun manfaatdor vazirliklar va idoralarga yuborildi.

6. O’zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasining “Yo‘lovchilar avtovokzallari (avtostantsiyalari) faoliyati sohasida boshqaruvni takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi  qaror loyihasi ishlab chiqilmoqda.

7. O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining “O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2004-yil 30-yanvarda 1305-son bilan  ro‘yxatga olingan  yo‘lovchilar avtovokzallari, avtostantsiyalari to‘g‘risidagi Nizomga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi  buyrug‘i joriy yilning iyun oyida Adliya vazirligida ro‘yxatga olindi.

8. Agentlik tomonidan yo‘nalishsiz taksilar faoliyatini tartibga solish maqsadida ishlab chiqilgan “Yo‘nalishsiz taksilar faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 18-maydagi 139-sonli qarori bilan  tasdiqlandi.

9. Vazirlar Mahkamasining “O’zbekiston Respublikasida avtomobil transportida yuk tashish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi vazirliklar va idoralar bilan kelishilib, 2011-yil 4-mayda Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.

10. “Avtomobil va elektr transportida tashilgan yo‘lovchilar soni va yo‘lovchi aylanmasini hisoblash bo‘yicha yo‘riqnomaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish” yo‘riqnomasi Adliya vazirligida 2011-yil 14-aprelda ro‘yxatga olindi.

11. Moliya vazirligi va O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining «2020-yilgacha bo‘lgan davrda O’zbekiston Respublikasining  umumfoydalanishdagi avtomobil transporti bo‘yicha tariflarni shakillantirish to‘g‘risida»gi Nizom bo‘yicha tayyorlangan qo‘shma qarori tasdiqlash uchun 2011-yil 1-iyulda Moliya vazirligiga topshirilgan.

12. “Daryo transportidan foydalanish qoidalariga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi buyruq Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazildi.

13. Vazirlar Mahkamasining “O’zbekiston Respublikasi suv ob’ektlarida kichik xajmli kemalardan foydalanish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishib olindi.

14. Agentlikning “O’zbekiston Respublikasi daryo floti kemalarining mexaniklarini, haydovchilarini va boshqa ekipaji a’zolarini tayyorlash to‘g‘risidagi Nizomini tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyrug‘i manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan kelishish uchun yuborildi va ulardan ijobiy javoblar olindi.

15. Agentlik  mutaxassislari quyidagi  me’yoriy-huquqiy hujjatlar yuzasidan kelishuvlarga erishishda ishtirok etdi:

- O’zbekiston Respublikasining “Faoliyatni ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida»gi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi  qonun loyihasi;

- “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish jarayonlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi;

- O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Rasmiyatchilik to‘siqlarini bartaraf etish va ruxsat berish jarayonlarini amalga oshirishda davlat boshqaruv funktsiyalarini qisqartirish choralari to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi shular jumlasidandir.

16. Vazirlar Mahkamasining  2011-yil 18-maydagi 139-sonli “Yo‘nalishsiz taksilar faoliyatini tartibga solish to‘g‘risida”gi qarorini ijro etish maqsadida Agentlik tomonidan O’zbekiston Respublikasining “O’zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasi ishlab chiqildi va o‘rnatilgan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritildi. Hozirgi kunda ushbu loyiha O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.  

17. Yo‘nalishsiz taksi uchun hisoblagichlar (taksometrlar) va tanish belgilarini ishlab chiqarish (etkazib berish) bo‘yicha faoliyat yuritayotgan yuridik shaxslarning konkurs tanlovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom ishlab chiqildi va manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishilib, Adliya vazirligida 2011-yil 19-avgustda 2256-raqam bilan ro‘yxatga olindi.

18. O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi tomonidan ishlab chiqilgan “Yo‘nalishsiz taksilar uchun yagona tanish belgilari” va “Yo‘nalishsiz taksilar hisoblagichlari (taksometrlari) uchun texnik talablar” davlat standartlari “O’zstandart” agentligi tomonidan 2011-yil 15-avgustda 05-323-son bilan tasdiqlandi hamda joriy yilning 16-avgustidan amalga joriy etildi.

Avtomobil va daryo transporti sohasidagi normativ-huquqiy bazani shakllantirish ishlari davom ettirilmoqda.

Hisobot davrida tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida bir qator ishlar amalga oshirildi.

Hukumatlararo kelishuvlar doirasida hamda xalqaro avtomobil yuk tashuvini amalga oshirish bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqish maqsadida xalqaro avtomobil tashuvi masalalari bo‘yicha Qo‘shma komissiyaning ikkita yig‘ilishi o‘tkazildi:

1. 2011-yil 5-6-aprel kunlari Toshkent shahrida O’zbekiston Respublikasi va Latviya Respublikasi hukumatlari o‘rtasida 1996-yil 23-mayda tuzilgan Xalqaro avtomobil aloqasi to‘g‘risidagi bitimning 17-moddasiga binoan tuzilgan xalqaro avtomobil tashuvlari masalalari bo‘yicha O’zbekiston-Latviya qo‘shma komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

2. 2011-yil 23-25-may kunlari Minsk shahrida (Belarus Respublikasi) O’zbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi hukumatlari o‘rtasida 1994-yil 22-dekabrda tuzilgan Xalqaro avtomobil aloqasi to‘g‘risidagi bitimning 19-moddasiga binoan tuzilgan xalqaro avtomobil aloqasi bo‘yicha Belorus-O’zbekiston qo‘shma komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Qayd etib o‘tilgan komissiyalar yig‘ilishida tomonlar imzolangan bitimlar ijrosi va ikki davlat o‘rtasidagi xalqaro avtomobil tashuvlarini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Bundan tashqari, Ummon Sultonligi, Eron Islom Respublikasi, Turkmaniston, O’zbekiston Respublikasi va Qatar davlati hukumatlari o‘rtasida xalqaro transport-tranzit yo‘lini tashkil etish bo‘yicha Hadli bitim loyihasini ishlab chiqishda ishtirok etildi.

ShHTga a’zo davlatlar hukumatlari o‘rtasida xalqaro avtomobil tashuvlari uchun qulay sharoitlarni yaratish to‘g‘risidagi bitimning ilovalari loyihalarini tayyorlash bo‘yicha ekspertlar yig‘ilishida ishtirok etildi.

YXHTning 2011-yil 14-16-sentabr kunlari Pragada (Chexiya) “Barqaror energiya va transport tashuvlarini rivojlantirish sohasida YXHT mintaqasida qo‘shma harakatlar va hamkorlikka ko‘maklashish” mavzuida o‘tkazilgan o‘n to‘qqizinchi iqtisodiy-ekologik forumining yakuniy uchrashuvida ishtirok etildi.

Respublikaning tegishli vazirlik va idoralari (Tashqi ishlar vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar va savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi, MXX va “O’zavtoyo‘l” DAK) bilan birgalikda diplomatik kanallar bo‘yicha Belgiya tomonidan ishlab chiqilgan O’zbekiston Respublikasi va Belgiya Qirolligi hukumatlari o‘rtasida xalqaro avtomobil tashuvlar to‘g‘risidagi bitim loyihasi ko‘rib chiqildi.

2011-yilda avtomobilda xalqaro yuk tashuvlarini amalga oshirish uchun Hukumatlararo Bitimlar doirasida 25 ta xorijiy mamlakatning transport bo‘yicha vakolatli organlari bilan 5040 dona ruxsatnoma blankalari teng huquqlilik asosida almashtirildi. 2011-yilning 1-oktabr holatiga milliy avtomobil tashuvchilariga 3915 dona ruxsatnoma blankalari tarqatildi.

Agentlikning Daryo kemachiligi registri va kemachilik inspektsiyasi tomonidan Respublikada mavjud 383 ta daryo transporti vositasi va 4 ta ponton ko‘priklari aniqlangan bo‘lib, shundan foydalanishda bo‘lgan 280 ta daryo transporti vositasi va 43 ta sektsiyadan iborat 4 ta ponton ko‘prigi davlat reestriga kiritilgan.

Hisobot davrida Kemachilik registri va kemachilik inspektsiyasi tomonidan Qorakalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida joylashgan 4 qalqima tayanchdagi ponton ko‘priklarning texnik holati tekshiruvdan o‘tkazildi, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan dalolatnomalar tuzilib tashkilotlar rahbarlari, tegishli idoralarga ko‘rsatmalar berildi, ularni bajarish muddatlari belgilandi. Barcha ponton ko‘priklar egalariga kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan xatlar yuborildi.

Foydalanishdagi 26 ta suzish vositalarining, shu jumladan, 1 ponton ko‘prikda har yili amalga oshiriladigan tekshiruv o‘tkazildi. 15 ta suzish vositalari ro‘yxatdan o‘tkazilib, ularga Kemachilik guvohnomasi berildi.

Kemachilik montaji va ta’mirlash ishlari bilan shug‘ullanuvchi 2 korxona tekshiruvdan o‘tkazilib, kemachilik montaji va ta’mirlash ishlari bilan shug‘ullanish bo‘yicha guvohnomalar berildi.

Agentlikning hududiy bo‘limlari boshliqlariga harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida viloyat hududidagi yo‘llar xolatini o‘rganib, ularning ahvolini yaxshilash, kerakli yo‘l belgilari bilan ta’minlanishini bildirib, «O’zavtoyo‘l» kompaniyasining viloyat yo‘l boshqarmalariga muntazam ravishda xatlar kiritib borish yuzasidan topshiriq berilgan edi.

Ushbu topshiriqqa asosan 2011-yilning yanvar-sentabr oylari davomida hududiy bo‘limlar tomonidan viloyat yo‘l boshqarmalariga jami 88 ta xat kiritilgan.

Hammangizga ma’lumki, Agentlik tomonidan O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining topshirig‘iga asosan ishlab chiqilgan “Avtotransport korxonalari ishchi-xizmatchilarini ijtimoiy himoyalashni yaxshilash va oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash bo‘yicha 2011-yilga mo‘ljallangan dastur” Vazirlar Mahkamasi tomonidan ma’qullandi.

Ushbu Dasturga asosan joriy yilning 17-oktabrigacha jami 15 ming 410 bosh parranda, 100 dona asalari uyasi va 50 bosh qoramol sotib olinib, ularni parvarishlash ishlari olib borilmoqda. Shu bilan birga, rejalashtirilgan 154,5 gektar maydondagi ko‘llarda baliqchilikni rivojlantirish yo‘lga qo‘yildi.

Shu bilan birga, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 23-avgustdagi yig‘ilish bayoniga asosan chorvachilik bo‘yicha yana 2 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, unda 20 bosh  shundan “Zilola O’ktam qizi” MChJ (Samarqand viloyati) – 10 bosh, “Norintexservis” XK XK (Namangan viloyati) – 10 bosh qoramol boqishni tashkil etilishi va 2012-yilning iyun oyigacha 7,0 tonna go‘sht yetishtirilishi belgilangan. Shunga asosan bugungi kungacha 12,0 mln. so‘mga jami 8 bosh, shu jumladan, “Zilola O’ktam qizi” MChJ  – 4 bosh, “Norintexservis”– 4 bosh qoramol sotib olgan. Parandachilik bo‘yicha esa qo‘shimcha yana bitta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, unda “Diyor trans servis” MChJ (Sirdaryo viloyati) tomonidan 2000 bosh tovuq boqilishini tashkil etilishi va 2011-yilning oxirigacha 120 ming dona tuxum yetishtirilishi belgilangan. Bugungi kungacha “Diyor trans servis” MChJ tomonidan 50,0 mln. so‘mga 2000 bosh parranda sotib olingan.

Amalga oshirilgan jami 18 ta loyiha bo‘yicha bugungi kungacha 458,3 mln. so‘mlik mablag‘ sarflangan va qo‘shimcha 55 ta yangi ish o‘rinlari yaratilgan.

Joriy yilning fevral oyidan boshlab shu kunga qadar jami 1 mln. 168 ming dona tuxum olinib, korxona ishchi-xizmatchilariga arzon narxlarda, ortgani esa shartnoma asosida boshqa korxonalarga va aholiga sotilgan.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 7-fevraldagi “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili Davlat dasturi to‘g‘risida”gi 1474-PQ-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Agentlikning 2011-yil 18-fevraldagi 27-son buyrug‘i qabul qilinib, O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining sohaviy Dasturi tasdiqlandi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlarga “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili Davlat dasturi”ning maqsad va vazifalarini keng ko‘lamda tushuntirish va amalga oshirish hamda avtotransport sohasida tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan tashuvchilarga (litsenziatlarga) 2011-yilda qonunchilikdagi soliq va bugalteriya hisobotlarini yuritishdagi yangiliklar va o‘zgarishlarni yetkazish yuzasidan mintaqaviy seminar-kengashlari o‘tkazildi.

Ushbu seminar – kengashlarida jami 1780 ta tashuvchi ishtirok etdi. Seminar qatnashchilariga me’yoriy – hujjatlar to‘plamlari tarqatildi.

Farg‘ona shahrida o‘tkazilgan seminar-kengash markaziy televideniyaning “Axborot” dasturi orqali yoritildi. Shuningdek, barcha seminarlar mahalliy televideniya va radio to‘lqinlari, gazeta sahifalari orqali ommaga yetkazildi.

Shu bilan birga, 2011-yilning 24-iyun kuni «Milliy matbuot markazi» binosida Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 18-maydagi “Yo‘nalishsiz taksilar faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 139-sonli qarorining mohiyatini tushuntirish bo‘yicha mutasaddi vazirlik va idoralar, tashuvchilar (yo‘lovchilarga yo‘nalishsiz taksilarda xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar rahbarlari), OAV vakillari  ishtirokida seminar o‘tkazildi.

Yo‘lovchilarga yo‘nalishsiz taksilarda xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar rahbarlari seminar materiallari va yo‘nalishsiz taksilar faoliyatiga oid me’yoriy-huquqiy hujjatlar to‘plami bilan ta’minlandilar. O’tkazilgan seminar 2011-yilning 25-iyun kuni markaziy televideniyaning “Axborot” dasturi orqali yoritildi.

Dasturga muvofiq Agentlik markaziy apparatida va uning hududiy bo‘limlarida har oy haftaning juma kuni “Tadbirkorlar kuni” deb e’lon qilinib, shu kuni tadbirkorlarni qabul qilish va ularni qiziqtirgan masalalar yuzasidan uchrashuvlar tashkil qilib kelinmoqda.

Shu kuni bo‘limlarda tadbirkorlar uchun “Ochiq eshiklar kuni” belgilanib, ularda ishtirok etgan tadbirkorlar tomonidan ko‘tarilgan  masalalar muhokama qilinib, tezkorlik bilan hal etib borilmoqda. Shu bilan birga Agentlik va uning hududiy bo‘limlarida “Ishonch telfonlari”  tashkil etilgan bo‘lib, qabul qilingan  murojaatlarga tegishli javoblar berib borish yo‘lga qo‘yilgan.

Kichik biznes sub’ektlari rahbarlarini, mutaxassislarini va xususiy tadbirkorlarning malakasini oshirish, ularga konsultativ ko‘mak berish yuzasidan tizimli ishlar olib borilmoqda.

Joriy yilning 9 oyi davomida 687 yuridik shaxs rahbari, yo‘l harakati xavfsizligini tashkil etish uchun 131 nafar mas’ul mutaxassis, shaharlararo tashuvlarni amalga oshiruvchi 244 nafar haydovchi, 75 nafar xususiy tadbirkor, hamda 27 nafar Agentlik xodimi malaka oshirdi. Jami 1164 nafar tinglovchi o‘qitildi.

Amaldagi qonunchilikka muvofiq Agentlikning tekshirish huquqiga ega xodimlari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari ruxsatsiz tekshirilganligi va ularning moliya-xo‘jalik faoliyatiga noqonuniy aralashilganligi uchun yetkazilgan iqtisodiy zararning o‘rni qoplangan xolda javobgarlikka, hatto jinoiy javobgarlikka ham tortilishlari to‘g‘risida barcha xodimlarni yana bir bor ogohlantirildi hamda  nazoratga olindi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan avtomobil transportida faoliyat ko‘rsatishlari uchun litsenziya olishida  yanada qulay shart-sharitlar yaratilishi to‘g‘risida xududiy bo‘limlarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Amaldagi qonun xujjatlari talablarini hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining huquq va majburiyatlarini tushuntirish bo‘yicha muntazam ravishda ular o‘rtasida targ‘ibot va profilaktika ishlari olib borilmoqda.

Sayt bo`yicha qidirish:



 
 

© O`zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi, 2012

UZINFOCOM èøëàíìàñè, Sayt boshqaruv tizimi MANAGER   DATACENTER UZINFOCOM