|
O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshlig‘i o‘rinbosari Sh.Shovahobovning Agentlikning 2011-yil ish yakunlari to‘g‘risidagi ma’ruzasi
Assalomu alaykum hurmatli hay`at a`zolari, yig`ilish qatnashchilari!
Respublika avtomobil transporti xizmatlari bozorida bozor munosabatlarini va sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Agar 2000-yilda respublika bo‘yicha 2000 taga yaqin yo‘lovchilar tashish yo‘nalishlari faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, hozirgi kunda yo‘nalishlar soni 3873 taga (2010-yilga nisbatan o‘sish 152 ta yoki o‘sish 104,1 foiz) yetdi. Ularning 988 tasi shahar, 2272 tasi shahar atrofi va 613 tasi shaharlararo yo‘nalishlardir.
Avtomobil transporti xizmatlari bozorida raqobat muhitini shakllantirish va barcha tashuvchilarga teng sharoit yaratib berish bo‘yicha viloyat va shahar hokimiyatlaridagi Komissiyalar hamda Agentlik qoshidagi Idoralararo Komissiya tomonidan yo‘lovchi tashish yo‘nalishlari ochiq tender tanlovlari orqali joylashtirilmoqda.
Faoliyat ko‘rsatayotgan 3873 ta yo‘nalishning 3563 tasi yoki 92,0 foizi tenderlar orqali joylashtirilgan. Shu jumladan 2011-yil mobaynida respublikadagi yo‘nalishlarni joylashtirish bo‘yicha jami 151 ta ochiq tender o‘tkazilgan bo‘lib, ularda 1509 ta yo‘nalish joylashtirilgan. Shundan 44 tenderda 326 ta shahar ichidagi, 99 tenderda 907 ta shahar atrofi va 152 ta shaharlararo-viloyatlar ichidagi, 8 tenderda 124 ta shaharlararo-viloyatlararo yo‘nalishlar joylashtirilib, bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda.
Barcha viloyatlarda 2012-yilning birinchi yarim yilligiga mo‘ljallangan yo‘lovchi tashish yo‘nalishlarini joylashtirish bo‘yicha ochiq tenderlar o‘tkazish jadvali ishlab chiqilgan va tasdiqlangan.
Avtoransport xizmatlari va servisni rivojlanishtirishining prognoz ko‘rsatkichlarini bajarish, aholiga, xususan, qishloq aholisiga ko‘rsatilayotgan avtotransport xizmatlari va servis darajasi va sifatini oshirish doirasida yo‘nalishli transport tarmog‘i rivojlanmoqda, 2011-yilda 152 ta yo‘lovchi tashish yo‘nalishlari ochildi, shu jumladan, qishloq joylarda 135 ta yo‘nalish tashkil etildi. Natijada hozirgi kunda respublikaning eng chekka qishloqlarida ham yo‘lovchi tashish transporti xizmati yetib bormagan joy qolmadi.
Agentlik tomonidan Qo‘qon shahrida barpo etilayotgan yangi avtovokzal qurilishiga jami 1,1 mlrd. so‘m, Guliston shahridagi avtovokzalni qayta ta’mirlash uchun 316 mln. So‘m mablag‘ ajratildi.
Viloyatlarda hokimliklar bilan birgalikda yo‘nalishlarda yo‘lovchilar oqimi va aholining yo‘lovchi tashishga bo‘lgan ehtiyojlari o‘rganib chiqilmoqda va avtokorxonalardagi mavjud avtobuslarni yangilash masalalarida amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.
2011-yil davomida tashuvchilar tomonidan Samarqand avtomobil zavodida ishlab chiqarilgan «ISUZU» rusumli avtobuslardan Qoraqalpog‘iston Respublikasida 108 ta, Andijon viloyatida 107 ta, Xorazm viloyatida 87 ta, Surxondaryo viloyatida 70 ta, Toshkent shahrida 69 ta, Buxoro viloyatida 33 ta, Qashqadaryo viloyatida 30 ta, Samarqand viloyatida 27 ta, Toshkent viloyatida 26 ta, Farg‘ona viloyatida 25 ta va Navoiy viloyatida 12 ta — jami 594 ta avtobuslar lizing asosida sotib olinib, shahar va shahar atrofi yo‘nalishlarida xizmat ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yildi.
2011-yil davomida Agentlik va uning hududiy bo‘limlari tomonidan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga 2 ming 398 ta litsenziya (2010-yilga nisbatan 102,4 foiz) va 171 ming 400 ta litsenziya varaqalari (2010-yilga nisbatan 107,2 foiz) berilgan.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 9-martdagi «Avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish sohasidagi tadbirkorlik faoliyatining alohida turlarini amalga oshirishni tartibga solish to‘g‘risida»gi PQ-303-sonli Qarori chiqqunga qadar jismoniy shaxslarni o‘z tarkibiga biriktirib faoliyat ko‘rsatayotgan yuridik shaxslar soni 314 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2012-yilning 1-yanvar holatiga ularning soni 2032 taga yoki 7,5 martaga ortdi va 2346 tani tashkil etdi. Avtotransport sohasida litsenziyalashdan tushadigan davlat boji miqdori 2011-yilda 2010-yilga nisbatan qariyib 12,7 foizga o‘sdi.
Hisobot davrida Agentlik xodimlari Davlat soliq qo‘mitasi va Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi vakillari bilan birgalikda yo‘llarda 4208 ta qo‘shma reydlar o‘tkazdilar. Natijada ular tomonidan 40548 ta avtotransport sohasida faoliyat ko‘rsatish qoidalarini buzish holatlari aniqlandi, shulardan 24211 tasi jismoniy shaxslar tomonidan sodir etilgan. Ushbu qoidabuzarliklar bo‘yicha hujjatlar tegishli ravishda rasmiylashtirilib, chora ko‘rish uchun soliq idoralariga topshirildi.
2011-yil davomida litsenziatlarga tegishli 116 ta litsenziyaning amal qilish muddati 10 ish kuniga to‘xtatildi va 417 ta litsenziya litsenziat arizasiga ko‘ra tugatildi. Sud qarorlariga asosan 13 ta litsenziyaning amal qilish muddati tugatildi va 5 tasi bekor qilindi.
2011-yilda avtomobil va daryo transporti sohasida me’yoriy-huquqiy bazani shakllantirish borasida ham qator rejali ishlar amalga oshirildi:
1. Tashuvlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha choralarni kuchaytirish, yo‘lovchilar marshrutlarida band bo‘lgan avtomobilda tashuvchilarni tender yo‘li bilan tanlash mexanizmini takomillashtirish, shuningdek, yo‘lovchilar va yuklarni avtomobil transportida tashish qoidalarini tartibga solish maqsadida 2011-yil 16-fevralda Agentlik tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Vazirlar Mahkamasining 34-sonli «Yo‘lovchilar tashish yo‘nalishlarini joylashtirish uchun tenderlar o‘tkazish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Ushbu me’yoriy-huquqiy hujjatda tender ishtirokchilariga nisbatan qo‘shimcha talablar ko‘zda tutilgan bo‘lib, ular tender takliflarida ko‘rsatilayotgan har bir avtotransport vositasi uchun tegishli litsenziya va litsenziya varaqasiga ega bo‘lishlari zarur. Tugallanish yoki bankrotlik arafasida turgan yoki mulki hibsga olingan da’vogarlarning tenderda ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Transport vositalarining har kunlik reys oldi texnik nazorati va haydovchilarning kundalik tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishini ta’minlash choralari ta’minlanmagan hollarda tashuvchilarning tender takliflari rad qilinadi.
2. Agentlik tomonidan xavfli yuklarni avtomobil transportida tashish, tashish jarayoni ishtirokchilarining huquq, majburiyatlari va ma’suliyatini belgilash, harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 16-fevraldagi 35-sonli qarori bilan O’zbekiston Respublikasida xavfli yuklarni avtomobil transportida tashish qoidalari hamda O’zbekiston Respublikasida avtomobil transportida tashishga ruxsat berilgan xavfli yuklar ro‘yxati tasdiqlandi.
3. Yo‘nalishsiz taksilar tomonidan yo‘lovchilarni tashish bo‘yicha ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati va xavfsizligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 18-maydagi 139-sonli “Yo‘nalishsiz taksilar faoliyatini tartibga solish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Agentlik tomonidan O’zbekiston Respublikasining “O’zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasi ishlab chiqilib, o‘rnatilgan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritildi. Hozirda ushbu Qonun loyihasi Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
4. Vazirlar Mahkamasining “O’zbekiston Respublikasi avtomobil transportida yuk tashish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaror loyihasi Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.
5. Avtomobil transportida va elektr toki bilan harakatlanadigan transportda tashilgan yo‘lovchilarni aniqlash bo‘yicha yo‘riqnomaga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar Adliya vazirligida 2011-yil 14-aprelda 1164-1-son bilan ro‘yxatga olingan.
6. O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2004-yil 30-yanvarda 1305-son bilan ro‘yxatga olingan “Yo‘lovchilar avtovokzallari, avtostantsiyalari to‘g‘risidagi nizom”iga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi va O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2011-yilning 28-iyunida 1305-2-raqami bilan ro‘yxatga olindi. Unda faoliyat xavfsizligiga doir qo‘shimcha talab va me’yorlar ko‘zda tutilgan.
Jumladan, agar ilgari yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash yuzasidan monitor orqali kuzatish bo‘yicha texnologik jihozlarning faqat yirik va katta avtovokzallarda o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan bo‘lsa, loyihada barcha avtovokzal, avtostantsiyalarda (kutish zallari, chiptaxonalarda va yo‘lovchilar to‘planadigan boshqa joylarda) video-kuzatuv kameralarining o‘rnatilishi taklif qilinmoqda. Barcha avtovokzallarda ularga kirish joylarida yo‘lovchilarni va yuklarni tekshirish uchun statsionar detektorlar bilan jihozlangan tekshiruv postlari tashkil etilishi mo‘ljallanmoqda.
7. “Yo‘nalishsiz taksilar uchun hisoblagichlar (taksometrlar) va tanish belgilarini yetkazib berish bo‘yicha yuridik shaxslarni tanlov asosida tanlab olish tartibi to‘g‘risida nizom” Adliya vazirligi tomonidan 2011-yil 19-avgustda 2256-son bilan ro‘yxatga olindi va 29-avgustdan amalga joriy etildi. Ushbu Nizomga asosan 2011-yil 11-oktyabr kuni tanlov o‘tkazildi.
8. Vazirlar Mahakamasiga belgilangan tartibda tasdiqlash uchun 2006-yil 14-iyuldagi 138-sonli «Avtomobil transportida yo‘lovchilarni va yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashish faoliyatini litsenziyalash to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqidagi Nizomga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qarori loyihasi kiritildi. Ushbu me’yoriy-huquqiy hujjat loyihasida litsenziyalanadigan faoliyat turini amalga oshirish uchun ruxsat (huquq) beruvchi litsenziya varaqasining huquqiy maqomi ko‘zda tutilgan bo‘lib, bunda yo‘lovchilar va yuklarni tashishda ishlatiladigan muayyan avtotransport vositasiga beriladigan litsenziya talab va shartlarga majburiy tarzda rioya qilinishi hamda litsenziya va litsenziya varaqalari reestrini yuritish tartibi yoritilgan.
9. “O’zbekiston Respublikasida umumfoydalanish avtomobil transportida tariflarni shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom” bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining qaror loyihasi Moliya vazirligi, Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davat qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi bilan kelishilib, Iqtisodiyot vazirligiga kiritilgan.
10. “Siqilgan tabiiy gaz va suyultirilgan neft gazida ishlash uchun qayta jihozlangan avtotransport vositalarining xavfsizligi bo‘yicha Umumiy texnik reglamentni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaror loyihasi Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.
11. Bir qator davlat standartlari, qoidalari va rahbariy hujjatlarga kiritiladigan o‘zgartish va qo‘shimchalar ishlab chiqildi:
— «Avtomobil transportida sayyohlarni tashish» davlat standartiga yo‘lovchilar salonida yoqilg‘i va boshqa tez yonuvchan suyuqliklar va materiallar solingan idishlarni (kanistralarni) tashishni man qiluvchi me’yor kiritilgan. Me’yoriy hujjat Ichki ishlar vazirligi, «O’zbekturizm» kompaniyasi bilan kelishilgan va ro‘yxatdan o‘tkazish uchun «O’zstandart» agentligiga taqdim qilingan.
— “Tashuvchining nazorat-texnik punktlarining ishi va navbatchi mexanikning lavozim majburiyatlari to‘g‘risida Nizom” ro‘yxatdan o‘tkazish uchun «O’zstandart» agentligiga kiritilgan.
Ushbu hujjatda quyidagi qo‘shimcha me’yor ko‘zda tutilgan: avtomobilda tashuvchining nazorat-texnik punkti, mulkchilik shaklidan qat’iy nazar, navbatchi mexaniklar yoki tashuvchining qo‘riqchilari tomonidan yashirin tarzda yoqilishi mumkin bo‘lgan video-kuzatish kamerasi va militsiya naryadini tezkor chaqirish tugmasi bilan jihozlangan bo‘lishi kerak.
12. O’zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi va boshqa mutasaddi vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda Vazirlar Mahkamasining “Yo‘lovchilar avtovokzallari (avtostantsiyalari) faoliyati sohasida ular tomonidan yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish darajasini va sifatini tubdan oshirish, eng muhimi, ular faoliyatining xavfsizligini ta’minlashga yo‘naltirilgan boshqaruvni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi ishlab chiqilmoqda.
13. “O’zbekiston Respublikasi daryo floti kemalarining shturmanlarini, mexaniklarini va boshqa ekipaj a’zolarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish to‘g‘risidagi Nizomini tasdiqlash haqida”gi loyihasi yakuniga yetkazilmoqda.
14. “Daryo transportidan foydalanish qoidalariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Agentlikning buyrug‘i Adliya vazirligi tomonidan 2011-yil 5-martda 990-1-son bilan ro‘yxatga olindi.
15. “O’zbekiston Respublikasi suv ob’ektlarida kichik hajmli kemalardan foydalanish qoidalari” ishlab chiqildi va belgilangan tartibda tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.
16. Agentlik mutaxassislari quyidagi me’yoriy-huquqiy hujjatlar yuzasidan kelishuvlarda bevosita ishtirok etgan:
- “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi;
- “Harakat xavfsizlik to‘g‘risida”gi qonun loyihasi;
- “Transport xavfsizlik to‘g‘risida”gi qonun loyihasi;
- “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish jarayonlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi;
- O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ruxsat berish jarayonlarini amalga oshirishda rasmiyatchilik to‘siqlarini bartaraf etish va davlat boshqaruv funktsiyalarini qisqartirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi shular jumlasidandir.
Hisobot davrida tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, xalqaro avtomobil tashuvlarini amalga oshirish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilish maqsadida, hukumatlararo bitimlar doirasida, avtomobilda xalqaro tashuvlar bo‘yicha Qo‘shma Komissiyaning ikkita yig‘ilishi o‘tkazildi:
1. O’zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Latviya Respublikasi Hukumati o‘rtasida halqaro avtomobil qatnovi to‘g‘risidagi 1996-yil 23-mayda imzolangan Bitimning 17-moddasiga asosan 5 — 6-aprel kunlari Toshkent shahrida O’zbekiston va Latviya o‘rtasida avtomobilda xalqaro tashuvlar bo‘yicha Qo‘shma Komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi.
2. O’zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Belarus Respublikasi Hukumati o‘rtasida xalqaro avtomobil qatnovi to‘g‘risidagi 1994-yil 22-dekabrda imzolangan Bitimning 19-moddasiga asosan 23 — 25 may kunlari Minsk shahrida O’zbekiston va Belorussiya o‘rtasida avtomobilda xalqaro tashuvlar bo‘yicha Qo‘shma Komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi.
Ushbu yig‘ilishlarda tomonlar imzolangan bitimlarning bajarilishi va ikki davlatlar o‘rtasida avtomobilda xalqaro tashuvlarni rivojlantirish masalalarini muhokama etishdi.
Shuningdek, Ummon Sultonligi, Eron Islom Respublikasi, Turkmaniston, O’zbekiston Respublikasi va Qatar davlatlari o‘rtasida xalqaro transport va tranzit yo‘lagini barpo etish to‘g‘risidagi hukumatlararo Bitim loyihasini muhokama etishga oid ekspertlar yig‘ilishida ishtirok etildi.
Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga (ShHT) a’zo-davlatlar Hukumatlari o‘rtasida xalqaro avtomobil tashuvlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risidagi Bitim loyihasining ilovalarini muhokama etishga oid ekspertlar yig‘ilishida ishtirok etildi.
YXHTning 2011-yil 14 — 16-sentabr kunlari Praga (Chexiya) “Barqaror energiya va transport tashuvlarini rivojlantirish sohasida YeXHT mintaqasida qo‘shma harakatlar va hamkorlikka ko‘maklashish” mavzusida o‘tkazilgan o‘n to‘qqizinchi iqtisodiy–ekologik forumining yakuniy uchrashuvida ishtirok etildi.
2011-yilning 30-sentabrida Agentlikda Bolgariya elchisi ishtirokida Bolgariyaning “Somat” kompaniyasi direktori bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuvda xalqaro tashuvlarni amalga oshirish uchun ishlatiladigan ruxsatnoma blankalari miqdorini ko‘paytirish va boshqa masalalar muhokama qilindi.
2011-yilning 24-noyabrida Ruminiya Respublikasining Buxarest shahrida Hukumatlararo TRASEKA komissiyasi yig‘ilishida ishtirok etildi.
Belgiya tomonidan diplomatik kanallar orqali taqdim etilgan O’zbekiston Respublikasi Hukumati va Belgiya Qirolligi Hukumati o‘rtasida xalqaro avtomobil tashuvlari to‘g‘risidagi Bitim loyihasi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda ko‘rib chiqildi.
2011-yilning 5-dekabrida Agentlikda Jahon banki delegatsiyasi bilan navbatdagi hamda joriy yilning 9-dekabrida Sloveniyaning Moskvadagi elchisi Ada Filip — Slivnik bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuvda Sloveniya elchisi bilan ikki davlatlar o‘rtasida avtomobilda xalqaro tashuvlarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Estoniya tomonidan diplomatik kanallar orqali taqdim etilgan O’zbekiston Respublikasi Hukumati va Estoniya Hukumati o‘rtasida xalqaro avtomobil tashuvlari to‘g‘risidagi Bitim loyihasi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda ko‘rib chiqilmoqda.
Ispaniya tomonidan diplomatik kanallar orqali taqdim etilgan O’zbekiston Respublikasi Hukumati va Ispaniya Hukumati o‘rtasida xalqaro avtomobil tashuvlari to‘g‘risidagi Bitim loyihasi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda ko‘rib chiqilmoqda.
2011-yilda avtomobilda xalqaro yuk tashuvlarini amalga oshirish uchun Hukumatlararo Bitimlar doirasida 25 ta xorijiy mamlakatning transport bo‘yicha vakolatli organlari bilan 5695 dona ruxsatnoma blankalari teng huquqlilik asosida almashtirildi.
Hisobot davrida Kemachilik registri va kemachilik inspektsiyasi tomonidan Qorakalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida joylashgan 4 ta suzuvchan ponton ko‘priklarning texnik holati tekshiruvdan o‘tkazildi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tashkilot rahbarlariga taqdimnomalar berilib, tegishli idoralar xabardor qilindi, suzuvchan panton ko‘priklar egalariga kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Foydalanishdagi 40 ta suzish vositalari, shu jumladan, bitta ponton ko‘prik har yili amalga oshirib boriladigan shahodatlashtirishdan o‘tkazildi. 7 ta daryo transporti vositasi ro‘yxatga olindi, 14 tasi qaytadan ro‘yxatdan o‘tkazildi va ularga 21 ta Kemachilik guvohnomasi berildi.
Kema yig‘ish va ta’mirlash ishlarini amalga oshiruvchi 3 ta korxonaning imkoniyatlari o‘rganib chiqilib, ularga kema yig‘ish va ta’mirlash ishlari bilan shug‘ullanishi uchun guvohnomalar berildi.
Respublikamiz uchun Rossiya davlatida qurilayotgan bitta 400 tonna yuk ko‘tarishga mo‘ljallangan barjaning qurish loyiha hujjatlari o‘rganilib, kelishib olish uchun Tatariston Respublikasining Naberejnûe Chelnû shahridagi «Sudostroitelnaya kompaniya «TKT» MChJga Agentlik mutaxassislari bordi va uni qurish davrida registrning nazorati o‘rnatildi.
Agentlikning hududiy bo‘limlari boshliqlariga harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida viloyat hududidagi yo‘llar holatini o‘rganib, ularning ahvolini yaxshilash, kerakli yo‘l belgilari bilan ta’minlanishi lozimligi haqida «O’zavtoyo‘l» kompaniyasining viloyat yo‘l boshqarmalariga muntazam ravishda xatlar kiritib borish yuzasidan topshiriqlar berilgan edi. Ushbu topshiriqqa asosan 2011-yil davomida hududiy bo‘limlar tomonidan viloyat yo‘l boshqarmalariga jami 116 ta xat kiritilgan.
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 26-dekabrdagi yig‘ilish bayoni qarori bilan 2012-yilda yangi ishga tushiriladigan qoramolchilik, parrandachilik, baliqchilik va asalarichilik bo‘yicha Dasturlar tasdiqlandi.
Avtotransport korxonalari negizida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishni ko‘paytirish va ushbu korxonalar ishchi-xodimlarining arzonlashtirilgan naxlarda va sifatli oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida ushbu tasdiqlangan Dasturlarda Agentlikka jami 6 ta loyiha bajarilishini ta’minlash vazifasi yuklangan, jumladan:
1. Qoramolchilik bo‘yicha Agentlikka ikkita loyiha bo‘yicha 20 bosh qoramol boqishni tashkil etish va yil yakuniga ko‘ra 5,5 tonna go‘sht yetishtirish;
2. Parrandachilik bo‘yicha dasturda ikkita loyiha bo‘yicha 3 ming 500 bosh parranda boqishni tashkil etish va yil yakunigacha 400 ming dona tuxum yetishtirish;
3. Baliqchilik bo‘yicha dasturga bitta loyiha kiritilgan bo‘lib, 2011-yilda tashkil etilgan 3-gektar tabiiy suv havzasiga qo‘shimcha ravishda 2012-yilda yana 3-gektar sun’iy suv havzasini tashkil qilish va yil yakunigacha 2,5 tonna baliq yetishtirish;
4. Asalarichilik bo‘yicha dasturga bitta loyiha kiritilgan bo‘lib, 2011-yilda sotib olingan 100 ta asalari uyasiga qo‘shimcha ravishda 2012-yilda yana 50 ta asalari uyasi sotib olish va yil yakunigacha 0,2 tonna asal yetishtirish belgilangan.
Shu bilan birga, yuqoridagi yig‘ilish bayoni qarorining 4-bandida Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligiga 2011-yilda qoramolchilik, parrandachilik, baliqchilik va asalarichilik sohalarini rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalarning bajarilishini o‘rganish bo‘yicha maxsus Ishchi guruhi tashkil qilish hamda unga 2011-yilda tashkil etilib faoliyat ko‘rsatayotgan xo‘jaliklarni joyida to‘liq o‘rganib chiqib, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar, mavjud muammolar bo‘yicha yig‘ilishlarda muhokama qilish maqsadida ma’lumotlarni Vazirlar Mahkamasiga taqdim etish vazifasi yuklatilgan.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 7-fevralda qabul qilingan PQ-1474-sonli “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarorining bajarilishini ta’minlash maqsadida 2011-yil 18-fevralda Agentlikning buyrug‘i qabul qilinib, “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” Davlat dasturini amalga oshirish bo‘yicha tarmoq Dasturi tasdiqlandi.
Agentlikning mazkur buyrug‘i asosida haftaning har juma kuni “Tadbirkorlar kuni” deb e’lon qilindi. Shu kuni joylardagi hududiy bo‘lim rahbarlarining tadbirkorlar bilan uchrashuvlari, seminarlar, ularni qiziqtirgan savollar va mutaxassislar maslahatlari bo‘yicha uchrashuvlar tashkil etildi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlarga “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili Davlat dasturi”ning maqsad va vazifalarini keng ko‘lamda tushuntirish, 2011-yilda qonunchilikda soliq va bugalteriya hisobotlarini yuritishdagi yangiliklar va o‘zgarishlarni yetkazish yuzasidan mintaqaviy seminar-kengashlari o‘tkazildi. Ushbu seminar-kengashlarida jami 1780 ta tashuvchi ishtirok etdi. Seminar qatnashchilariga me’yoriy hujjatlar to‘plamlari tarqatildi.
Farg‘ona shahrida o‘tkazilgan seminar-kengash markaziy televideniyaning “Axborot” dasturi orqali yoritildi. Shuningdek, barcha seminarlar mahalliy televideniya va radio to‘lqinlari, gazeta sahifalari orqali ommaga yetkazildi.
Shu bilan birga, 2011-yilning 24-iyun kuni «Milliy matbuot markazi» binosida Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 18-maydagi “Yo‘nalishsiz taksilar faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 139-sonli qarorining mohiyatini tushuntirish bo‘yicha mutasaddi vazirlik va idoralar, tashuvchilar (yo‘lovchilarga yo‘nalishsiz taksilarda xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar rahbarlari), OAV vakillari ishtirokida seminar o‘tkazildi. Yo‘lovchilarga yo‘nalishsiz taksilarda xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar rahbarlari seminar materiallari va yo‘nalishsiz taksilar faoliyatiga oid me’yoriy-huquqiy hujjatlar to‘plami bilan ta’minlandilar.
Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar rahbarlari va mutaxassislari hamda xususiy tadbirkorlarning malakasini oshirish, ularga maslahat yordamini ko‘rsatish va faoliyatini tashkil etish choralari ko‘rilmoqda.
2011-yil davomida 930 yuridik shaxs, yo‘l harakati xavfsizligini tashkil etish uchun 158 mas’ul mutaxassis, halqaro tashuvlarni amalga oshiruvchi 410 haydovchi, 75 xususiy tadbirkor va 27 nafar Agentlik xodimi malaka oshirdi.
|
|