rus     eng     o'zb  
 
 
Sayt xaritasi Aloqa RSS
 
O`ZBEKISTON AVTOMOBIL VA DARYO TRANSPORTI AGENTLIGI
 
 
Bosh sahifa
Yangiliklar
Biz haqimizda
Komissiyalar, kengashlar, qomitalar
Litsenziyalash
Me`yoriy baza
Bazaviy interaktiv davlat xizmatlari
Qo`shimcha interaktiv xizmatlar
Malakaviy talablar
Tenderlar
Tanlovlar
Tadbirlar
Avtotransport xizmati fakt va raqamlarda
Xalqaro munosabatlar
uForum


O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshlig‘i o‘rinbosari Sh.Shovahobovning Agentlikda 2011 yilning 20 aprel kuni respublika hududidagi shaharlararo-viloyatlararo yo‘nalishlarda xizmat ko‘rsatayotgan tashuvchilar rahbarlari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishdagi ma’ruzasi

Assalomu alaykum hurmatli yig‘ilish qatnashchilari!

Bugungi yig‘ilishning o‘tkazilishidan maqsad  tashuvchilar tomonidan yo‘nalishlarda xizmat ko‘rsatilishi davomida avtobus va mittiavtobus haydovchilari tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan qoidabuzarliklar hamda ularga nisbatan ko‘rilayotgan choralar bilan tanishish, bunday qoidabuzarliklarning qaytarilmasligi choralarini birgalikda muhokama qilishdan iborat.

O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligiga Respublika Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi va uning viloyatlardagi hududiy boshqarmalaridan va boshqa idoralardan haydovchilarning yo‘lovchi tashish faoliyati davomida yo‘l qo‘yyayotgan qoidabuzarliklari haqida xatlar kelib tushmoqda. Bu xatlarda esa, tabiiyki, haydovchilar va yuridik shaxs rahbarlariga nisbatan o‘rnatilgan tartibda chora ko‘rish so‘raladi.

Albatta Agentlik o‘z vakolati doirasida ularga nisbatan qonuniy choralar ko‘rib bormoqda. Ammo, shuni ham aytish lozimki, ayrim vaqlarda viloyat YHXB tomonidan kiritilgan taqdimnomalarga tegishli hujjatlar (haydovchining tushuntirish xati, qoidabuzarlik bo‘yicha tuzilgan dalolatnoma nusxasi va boshqa hujjatlar) ilova qilinmaganligi sababli chora ko‘rish imkoni bo‘lmayotgan hollar xam mavjud.

Endi Agentlik tomonidan ko‘rilayotgan choralar haqida ba’zi ma’lumotlarni keltirib o‘tsam.

Xorazm viloyati IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining 2010 yil 21 yanvardagi 10/3-179–son taqdimnomasida “Hazorasp — Toshkent” avtobus yo‘nalishida xizmat ko‘rsatgan "Xorazm-2500" mas’uliyati cheklangan jamiyati haydovchilari tomonidan qoidabuzilishlarga yo‘l qo‘yilganligi ko‘rsatib o‘tilganbo‘lib, shunga asosan  Agentlik litsenziyalash komissiyasining 2010 yil 2 fevraldagi 176-son yig‘ilishi qarori bilan 20 P 8000 davlat raqamli avtobusning litsenziya varaqasi amal qilishi 4 fevralidan 10 ish kuniga to‘xtatildi va tegishli hujjatlar Xorazm viloyati xo‘jalik sudiga yuborildi. Sudning 2010 yil 6 apreldagi 22-1004/2731-son hal qiluv qaroriga asosan esa ushbu avtobusga shaharlararo yo‘nalishlarda faoliyat ko‘rsatish uchun berilgan AT 0709735 raqamli litsenziya varaqasining amal qilishi muddatidan oldin tugatildi.

Ammo, jamiyat rahbariyati tomonidan haydovchilar o‘rtasida intizomni mustahkamlashga erishilmaganligi sababli 2010 yil aprel oyida yoki taxminan 1 – 1,5 oy ichida haydovchilar tomonidan yana qoidabuzilishiga yo‘l qo‘yilgan. Natijada Toshkent shahar IIBB YHX nazorati boshqarmasining 2010 yil 2 apreldagi 27/14-3084-son xati bilan taqdim etilgan xujjatlarda ko‘rsatib o‘tilgan xato va kamchiliklarga asosan Agentlik litsenziyalash komissiyasining 2010 yil 15 apreldagi 188-son yig‘ilishi qarori bilan endi jamiyatga avtobusda shaharlararo yo‘nalishlarda faoliyat ko‘rsatish huquqi uchun berilgan               AT 0021960 raqamli bosh litsenziyasi amal qilishi 22 apreldan boshlab 10 ish kuniga to‘xtatib turilgan. Bu esa jamiyatning barcha 24 ta avtobusi 10 kun mobaynida avtotransport xizmati ko‘rsatish huquqidan mahrum bo‘ldi deganidir. Albatta jamiyatning kamchiliklar bartaraf etilganligi haqidagi ma’lumotnomasi, Xorazm viloyati IIB YHX boshqarmasining 2010 yil 27 apreldagi hamda Agentlikning Xorazm hududiy bo‘limi ma’lumotnomalarini inobatga olgan holda jamiyatning bosh litsenziyasining amal qilishi 10 kundan so‘ng tiklab berilgan.

Lekin, afsuski, jamiyat haydovchilari tomonidan bu jazo choralaridan to‘g‘ri xulosa chiqarilmaganligi bois 2010 yining oktyabr oyida yana qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilgan. Agentlik Xorazm hududiy bo‘limining 2010 yil 5 noyabrdagi Ye-4-son hamda 6 noyabrdagi Ye-5-son xatlarida ko‘rsatib o‘tilgan xato va kamchiliklarni inobatga olgan holda Agentlik litsenziyalash komissiyasining 2010 yil 12 noyabrdagi 221-son yig‘ilishi qarori bilan jamiyatning AT 0021960  raqamli bosh litsenziyasining amal qilishi 18 noyabridan yana 10 ish kuniga to‘xtatildi. Shuningdek, Idoralararo komissiyaning 2010 yil 19 noyabrdagi majlisiga bu jamiyat bilan “Xozarasp – Toshkent” avtobus yo‘nalishida xizmat ko‘rsatish yuzasidan tuzilgan tender bitimini bir taraflama bekor qilish taklifi kiritildi. Idoralararo komissiya ham yo‘lovchi tashish yo‘nalishlarida bunday intizomsiz haydovchilarning ishlashlari mumkin emas, degan xulosaga kelib, tender bitimini bir tomonlama bekor qilish haqida qaror qabul qildi.

Shunga o‘xshash, “Toshkent — Hazorasp” avtobus yo‘nalishida xizmat ko‘rsatgan “Bekat” MChJ tomonidan ham haydovchilar ishi nazorat qilinmaganligi, natijada haydovchilar tomonidan qoidabuzarliklar sodir etilganligi, shuningdek, avtotransport vositalari o‘z vaqtida litsenziya varaqalari bilan ta’minlamaganligi uchun Idoralararo komissiya jamiyat bilan tuzilgan tender bitimini 2010 yil 4 avgustidan  bir tomonlama bekor qildi.

Endi Agentlik nomiga kelgan ayrim xatlarda qayd etilgan holatlarni ko‘rib chiqaylik.

VSh-956T sonli «Toshkent — Urganch tezyurar avtobus yo‘nalishi bo‘yicha tender bitimida qayd etilgan “Setra” S 215 NV rusumli, davlat raqami 22 S 0082 bo‘lgan avtobus 13 nafar yo‘lovchi bilan harakatlanib kelayotgan vaqtda to‘xtatilib hujjatlari ko‘rilganda, haydovchi tomonidan yo‘lovchilarga chipta sotilmaganligi ma’lum bo‘lgan. Shuningdek, avtobus saloniga yuk ortilganligi va uning “Tender g‘olibi” guvohomasisiz faoliyat ko‘rsatayotganligi aniqlangan.

Tashuvchi “Urgench Omad Trans” MChJ tomonidan berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bu holat joriy yilning 1 mart kuni jamiyat yig‘ilishida muhokama qilingan va  davlat raqami 22 S 0082 bo‘lgan avtobus haydovchilari X.Matkarimov va F.Madaminovlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilingan.

VSh-1097 sonli «Shofirkon — Toshkent avtobus yo‘nalishi bo‘yicha tender bitimida qayd etilgap “Mersedes Bents” rusumli, davlat raqami 20 Q 9684 bo‘lgan avtobus 2011 yilning 25 yanvar kuni soat 11 dan 30 daqiqa o‘tganda to‘xtatilib hujjatlari ko‘rilganda, 20 nafar yo‘lovchi bilan harakatlangan bu avtobusda ham yo‘lovchilarga chipta sotilmaganligi aniqlangan.

Tashuvchi “60-son avtokorxona” MChJ tomonidan berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bu holat joriy yilning 3 mart kuni jamiyat yig‘ilishida muhokama qilingan va  davlat raqami 20 Q 9684 bo‘lgan avtobus haydovchisi S.Adizovga hayfsan e’lon qilingan.

VSh-1081 sonli “Qo‘ng‘irot — Toshkent” avtobus yo‘nalishi bo‘yicha tender bitimida qayd etilgan “SYeTRA” rusumli, davlat raqami 23 K 2608 bo‘lgan avtobus 2011 yilning 25 yanvar kuni soat 14 dan 30 daqiqa o‘tganda to‘xtatilib, hujjatlari ko‘rilganda ham 47 nafar yo‘lovchi bilan harakatlangan avtobusdagi yo‘lovchilarga chipta sotilmaganligi hamda avtobus saloniga yuk ortilganligi aniqlangan.

Tashuvchi  “Avtoutemaks” ko‘p tarmoqli xususiy korxonasi tomonidan berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, davlat raqami 23 K 2608 bo‘lgan avtobus haydovchisi T.Orakbaev bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

VSh-1061 sonli “Mang‘it – Toshkent” avtobus yo‘nalishi bo‘yicha tender bitimida qayd etilgan “Kassboxrer” rusumli, davlat raqami           30 L 9700 bo‘lgan avtobus 2011 yilning 25 yanvar kun soat 14 dan           45 daqiqa o‘tganda to‘xtatilib, hujjatlari ko‘rilganda, 10 ta yo‘lovchi bilan harakatlangan avtobusdagi yo‘lovchilarga chipta sotilmaganligi, shuningdek, ikkinchi haydovchi tibbiy ko‘trikdan o‘tmaganligi aniqlangan.

Tashuvchi “Go‘zaloy Mahmud qizi” MChJ tomonidan berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, davlat raqami 30 L 9700 bo‘lgan avtobus haydovchisi R.Matsapaev 15 kun dovomida  “Mang‘it — Toshkent” avtobus yo‘nalishida xizmat ko‘rsatish huquqidan maxrum etilgan, oylik maoshining 50 foizi miqdorida jarima undirilgan va go‘yo “Qattiq xayfsan” e’lon qilingan. Zero, amaldagi qonunchiligimizda bunday jazo chorasi ko‘zda tutilmagan. Ko‘rinib turibdiki, rahbar o‘z xodimlariga qo‘llashi mumkin bo‘lgan jazo choralarini ham bilmaydi.

Qolaversa, bungacha ham mazkur korxona haydovchilari tomonidan 2010 yilda sodir etilgan qoida buzilishlar tufayli 6 ta avtobusga tegishli litsenziya varaqalarining amal qilishi 10 ish kuniga to‘xtatib turilgan.

Xuddi shuningdek, “Buxoroavtotransservis” MChJ haydovchilari tomonidan qoidabuzilishlarga yo‘l qo‘yganligi uchun ham 2010 yil va 2011 yilning yanvar oyida jami 23 ta avtobusning litsenziya varaqalari amal qilishi 10 ish kuniga to‘xtatilgan. Natijada bu korxona bankrot holatiga kelib, jamiyat tugatilmoqda.

Yana bir misol, “Ozod Nur Jamol servis” MChJga tegishli, davlat raqami 20 F 722 AA bo‘lgan mittiavtobus haydovchisi tomonidan sodir etilgan qoidabuzarlik uchun avtobusga berilgan litsenziya varaqasining amal qilish muddati 10 ish kuniga to‘xtatib turilgan bo‘lsa, jamiyatga qarashli mittiavtobus haydovchilari tomonidan ketma-ket qoidabuzarliklar sodir etilganligi uchun jamiyatning bosh litsenziyasi ham 10 ish kuniga to‘xtatib turilgan. Ayni paytda jamiyatga shaharlararo mittiavtobuslarda yo‘lovchi tashish uchun berilgan bosh litsenziyasi amal qilishini tugatish bo‘yicha xo‘jalik sudiga ham tegishli hujjatlar taqdim etilgan. Natijada, xo‘jalik sudining qarori bilan jamiyatning bosh litsenziyasi amal qilishi muddatidan oldin tugatildi.

Shuningdek, “Zomin trans kapital” xususiy firmasi, “Omonqul Mirza” MChJ, “Toshkent viloyati shaharlararo yo‘lovchi tashish avtobus saroyi” MChJ, “Tashavtotur” MChJ, “Oltin qadoq” xususiy korxonasi, “Duron servis” MChJ, “Sirdaryo trans” MChJ, “Oq yo‘l SDD” MChJ, “Mega klass inturist” MChJ, “Afros trans” xususiy firmasi, “Yo‘nalish Invest Trans” MChJ kabi korxonalarda ham yuqoridagi kabi ko‘plab kamchilik va nuqsonlarga yo‘l qo‘yilgan bo‘lib, tashuvchilar tomonidan qoidabuzar haydovchilarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilgan hamda Agentlik va Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmalari vakillari ishtirokida joylarda o‘tkazilgan yig‘ilishlarda muhokama qilingan. Ammo bulardan tegishli xulosa chiqarib, bundan keyin bunday holatlarni takrorlanmasligiga kim kafolat beradi?

Endi e’tiboringizni O’zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasining 2010 yil 24 noyabrdagi 10-31-10-sonli xati bilan taqdim etilgan suratlarga qaratmoqchiman.

Mana bu suratlarda avtobus salonining ahvoli aks etgan bo‘lib, salonda yo‘lovchidan ko‘ra yuk ko‘p. Bu nimasi? Axir avtobus yo‘lovchilarni tashishga mo‘ljallangan, yuk tashishga emas. Bunday tarzda noqonuniy yo‘l bilan yuk tashishga jur’at qilgan haydovchilar tomonidan bundan keyin yo‘lovchi tashilishiga umuman yo‘l qo‘ymaslik kerak. Albatta bu holatlar bo‘yicha xam Agentlikning litsenziyalash bo‘yicha komissiyasi o‘z vakolati doirasida tegishli choralar ko‘rgan. Ammo bu holning kelajakda takrorlanmasligini korxonalar rahbarlari nazoratga olishlari lozim.

Bundan tashqari, O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligidan, Vazirlikning Yo‘l harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi va uning joylardagi boshqarmalaridan kelgan xatlar bo‘yicha ham tegishli choralar ko‘rilmoqda.

Lekin, ko‘rilayotgan choralardan hamisha ham tegishli xulosalar chiqarib olinayapdi deya olmaymiz. Zero, haydovchilar tomonidan avtobus salonlarida yuk tashish, yo‘lovchilarga chipta sotmasdan xizmat ko‘rsatish, avtovokzal va avtostantsiyalarga kirmasdan, avtobuslarni texnik ko‘rikdan o‘tkazmasdan, haydovchilarning o‘zlari tibbiy ko‘rikdan o‘tmasdan yo‘nalishlarga chiqishi holatlariga hamon yo‘l qo‘yilmoqda.

Ana shunday kamchilik va nuqsonlarga barham berish, ularning oldini olish, yo‘lovchilarga sifatli va kafolatlangan xavfsiz avtotransport xizmati ko‘rsatishga erishish uchun ham bugungi bu yerda to‘planib turibmiz. Umid qilamizki, bugungi yuzma-yuz uchrashuvimiz bu borada ko‘zlangan maqsadga erishishimizga xizmat qiladi. Qolaversa, birgalikdagi muhokamalardan so‘ng tashuvchilar rahbarlari o‘z korxonalarining mavjud me’yoriy hujjatlar talablariga to‘liq amal qilgan holda faoliyat ko‘rsatishiga jiddiy e’tibor qaratadilar.

E’tiboringiz uchun rahmat!

Sayt bo`yicha qidirish:



 
 

© O`zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi, 2012

UZINFOCOM èøëàíìàñè, Sayt boshqaruv tizimi MANAGER   DATACENTER UZINFOCOM