rus     eng     o'zb  
 
 
Sayt xaritasi Aloqa RSS
 
O`ZBEKISTON AVTOMOBIL VA DARYO TRANSPORTI AGENTLIGI
 
 
Bosh sahifa
Yangiliklar
Biz haqimizda
Komissiyalar, kengashlar, qomitalar
Litsenziyalash
Me`yoriy baza
Bazaviy interaktiv davlat xizmatlari
Qo`shimcha interaktiv xizmatlar
Malakaviy talablar
Tenderlar
Tanlovlar
Tadbirlar
Avtotransport xizmati fakt va raqamlarda
Xalqaro munosabatlar
uForum


O`zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi tomonidan avtotransport sohasida faoliyat ko`rsatayotgan tadbirkorlar uchun tashkil etilgan hududiy seminar-kengashlarga bag`ishlangan matbuot anjumaniga
MA`LUMOTNOMA


O`zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi tashabbusi bilan hamda O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Soliq siyosati boshqarmasi hamkorligida joylarda avtotransport xizmati ko`rsatish bilan shug`ullanayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlari uchun "Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili Davlat dasturi"ning maqsad va vazifalari, amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan tadbirlar hamda 2011 yilda soliq va buxgalteriya hisobotlarini yuritishga hamda avtotransport sohasiga oid qonunchilikdagi yangiliklar va o`zgarishlarga bag`ishlangan hududiy seminar-kengashlar bo`lib o`tmoqda.

Ushbu tadbir joriy yilning 26 fevralida Qoraqalpog`iston Respublikasida boshlanib, o`tgan davrda Samarqand, Buxoro va Navoiy viloyatlari tadbirkorlari uchun Samarqand shahrida, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari tadbirkorlari uchun Qarshi shahrida, Sirdaryo va Jizzax viloyatlari tadbirkorlari uchun Guliston shahrida, Toshkent shahri va Toshkent viloyati tadbirkorlari uchun Toshkent shahrida, Xorazm viloyati tadbirkorlari uchun Urganch shahrida bo`lib o`tdi. Farg`ona, Andijon va Namangan viloyatlari tadbirkorlari uchun Farg`ona shahrida tashkil etilgan seminar-kengash esa mazkur tadbirning yakuni hisoblanadi.

Avtotransport faoliyati bilan shug`ullanayotgan yuridik shaxslarning rahbar va bosh hisobchilari uchun tashkil etilgan seminar-kengashlarda O`zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi, O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va O`zbekiston Respublikasi Oliy xo`jalik sudi mas`ul xodimlari, mahalliy hokimliklar, IIB YHXB, Soliq va Moliya boshqarmalari vakillari, Respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari xodimlari hozir bo`lmoqdalar.

Kun tartibiga ko`ra seminar-kengashda Agentlik vakillari O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil 7 fevraldagi "Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili Davlat dasturi to`g`risida"gi 1474-PQ-sonli qarori va tasdiqlangan Davlat dasturining maqsad va vazifalari, amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan tadbirlar to`g`risida hamda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 16 fevraldagi "Yo`lovchilar tashish yo`nalishlarini joylashtirish uchun tenderlar o`tkazish tizimini takomillashtirish to`g`risida"gi 34-son va 2011 yil 16 fevraldagi "O`zbekiston Respublikasida xavfli yuklarni avtomobil transportida tashish qoidalarini tasdiqlash to`g`risida"gi 35-son qarorlari to`g`risida ma`ruza qilishib, ushbu hujjatlarning mazmun-mohiyatini tushuntirib berishmoqda.

Shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Buxgalteriya hisobi va auditi boshqarmasi, O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Soliq siyosati boshqarmasi va O`zbekiston Respublikasi Oliy xo`jalik sudi mutaxassislari ham o`z sohalariga doir masalalar yuzasidan chiqishlar qilmoqdalar.

Albatta seminar-kengashning asosiy mavzusi yangi qabul qilingan hujjatlar hisoblanadi. Ulardan birinchisi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 16 fevraldagi "Yo`lovchilar tashish yo`nalishlarini joylashtirish uchun tenderlar o`tkazish tizimini takomillashtirish to`g`risida"gi 35-son qarori bo`lib, ushbu hujjat yo`lovchilar tashish yo`nalishlarida band bo`lgan avtomobilda tashuvchilarni tender bo`yicha tanlash mexanizmini takomillashtirish, shuningdek, avtomobil transportida yo`lovchilar va bagaj tashish qoidalarini tartibga solish maqsadida qabul qilingan.

Ushbu qaror bilan, jumladan, "Shaharda yo`lovchilar tashish yo`nalishlarini joylashtirish uchun ochiq tenderlar tashkil etishga oid nizom"ga bir qancha qo`shimchalar va o`zgartirishlar kiritildi.

Misol tariqasida oladigan bo`lsak, endi "Tender qatnashchisi aynan bitta avtotransport vositalarini har xil yo`nalishlarga tavsiya etishga haqli emas". Shuningdek, "Tugatish yoki bankrotlik bosqichida turgan yoxud mulkiga arest solingan talabgorlarning tenderda qatnashishiga yo`l qo`yilmaydi".

Yana bir e`tiborga molik o`zgarish shuki, shu paytga qadar tender tanlovida faqat bitta nomzod ham qatanasha olardi. Endi esa Nizomga: "Tender kamida ikki qatnashchi mavjud bo`lgan taqdirda o`tkaziladi", degan qo`shimcha kiritildi. Bunga ko`ra, tenderda qatnashish uchun atigi bir nafar tashuvchi ariza bersa, "Komissiya Nizomda nazarda tutilgan tartibda takroriy tender tashkil etishi kerak".

Agar takroriy tenderni o`tkazishda ham yo`nalishga (yo`nalishlar paketiga) yana atigi bir nafar tashuvchi talabgor bo`lsa-chi? Bunday holda "Komissiya ushbu tashuvchiga yo`nalishda (yo`nalishlar paketida) ishlash huquqini mazkur tashuvchining tender takliflari qo`yilayotgan talablarga muvofiq bo`lgan taqdirda biriktirib qo`yish huquqiga egadir".

Bulardan tashqari, amaliyotda qayd etilgan ayrim noxush hollarni inobatga olgan holda Nizomga tender ishtirokchilarining yo`l haqi tariflari bo`yicha takliflarini chegaralash imkonini beruvchi alohida band ham qo`shildi: "Ataylab past tarif bilan tender takliflari taqdim etilishiga yo`l qo`ymaslik maqsadida Komissiya tender talablarida rentabellilikni hisobga olgan holda tarifning yo`l qo`yiladigan eng kam chegarasini belgilashga haqlidir";

Seminar-kengash ishtirokchilariga tanishtirilayotgan navbatdagi hujjat O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 16 fevraldagi "O`zbekiston Respublikasida xavfli yuklarni avtomobil transportida tashish qoidalarini tasdiqlash to`g`risida"gi 35-son qaroridir. Xavfli yuklarni avtomobil transportida tashishni tashkil etishga qo`yiladigan talablarni belgilash, tashish jarayoni qatnashchilarining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligini tartibga solish, harakat xavfsizligini ta`minlash maqsadida qabul qilingan mazkur qaror bilan eng avvalo "O`zbekiston Respublikasida xavfli yuklarni avtomobil transportida tashish qoidalari", shuningdek, "O`zbekiston Respublikasida avtomobil transportida tashishga ruxsat berilgan xavfli yuklar ro`yxati" tasdiqlandi. Ushbu ikkala hujjat joriy yilning 1 apreldan kuchga kiradi. Bundan tashqari, Yo`l harakatati qoidalariga ham o`zgartirishlar kiritildi. Ya`ni, Qoidaning "Xavflilik belgilari" ilovasi yangi belgilar bilan to`ldirildi.

"O`zbekiston Respublikasida xavfli yuklarni avtomobil transportida tashish qoidalari" shaharlar va aholi punktlari ko`chalari, umumiy foydalaniladigan avtomobil yo`llari, shuningdek umumiy foydalanish uchun yopiq bo`lmagan xo`jalik avtomobil yo`llari bo`ylab xavfli yuklar va xavfli yuklarni tashiydigan avtotransport vositalari kimga tegishliligidan qat`i nazar, xavfli yuklarni avtomobil transportida tashish qoidalarini belgilaydi. Ushbu qoidalar yukni jo`natuvchilarga (yukni oluvchilarga) xizmat ko`rsatuvchi barcha tashkilotlar uchun majburiy bo`lib, tashish jarayoni qatnashchilarining o`zaro munosabatlarini, ularning huquqlari, majburiyatlari va javobgarligini tartibga soladi, shuningdek xavfli yuklarni tashishga qo`yiladigan talablarni, harakat xavfsizligini, yuklarning saqlanishini ta`minlash shartlarini va xavfli yuklarni sifatli tashishning boshqa me`yorlarini belgilaydi.

Eng avvalo mazkur qoida xavfli yuklarning ikki turini farqlab beradi. Ya`ni, xavfli yuklar va alohida xavfli yuklar. Xavfli yuklarga quyidagicha ta`rif berilgan: "o`ziga xos xossalari va xususiyatlari tufayli muayyan omillar mavjud bo`lgani taqdirda tashish, yuk ortish-tushirish ishlari jarayonida tashilayotgan yuklar, texnika vositalari, qurilmalar, bino va inshootlar, boshqa ob`ektlarning portlashi, yonishi yoki shikastlanishiga, shuningdek, odamlar hayoti va sog`lig`iga, atrof muhitga zarar yetkazilishiga sabab bo`lishi mumkin bo`lgan moddalar, materiallar, buyumlar, chiqindilar". Alohida xavfli yuklar esa "tashishda ehtiyotkorlikning alohida choralarini talab etadigan xavflilikning yuqori darajasidagi fizik-kimyoviy xossalarga ega bo`lgan moddalar va materiallar"dir.

"Xavfli yuklarni avtotransport vositalarida tashish shartnomasi bo`yicha xavfli yukni kuzatib borish avtotransport vositasining haydovchisiga yuklangan hollarda haydovchiga xavfli yuk jo`natilishidan oldin xavfli yukning fizik-kimyoviy va zararlantiruvchi xossalari, u bilan muomala qilish va uni tashish qoidalari to`g`risida yukni jo`natuvchi (yukni oluvchi) tomonidan yo`riqnoma berilgan bo`lishi kerak".

"Alohida xavfli yuklarni avtotransport vositalarida tashish" huquqiga esa "Ichki ishlar vazirligining hududiy organlari tomonidan beriladigan maxsus ruxsatnoma" mavjud bo`lgan tashuvchilargina egadirlar.

Faqat "O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yoki O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining ruxsatnomasi asosida tashilayotgan xavfli yuklar tranzitida"gina "ichki ishlar organlarining maxsus ruxsatnomasini olish talab qilinmaydi".

"Alohida xavfli yuklarni tashish maxsus mas`uliyatli shaxs - yukni jo`natuvchining (yukning oluvchining) xavfli yuklarning xossalarini biladigan va ular bilan muomala qila oladigan vakilining majburiy kuzatuvida amalga oshiriladi.

Alohida xavfli yuklarni faqat ichki ishlar organlarining qurolli soqchilari hamrohligida (yuridik shaxslarning qurolli soqchilari hamrohligida) va xavfli yuklar Yo`l harakati xavfsizligi hududiy boshqarmalari (Qoraqalpog`iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining YHXB, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari)ning avtotransport vositalari hamrohligida tashishga yo`l qo`yiladi".

Xavfli yuklarni tashishda tashish yo`nalishi ham vakolatli organlar bilan kelishiladi. Shuningdek, "Transportda tashish yo`nalishini ishlab chiqishda yukni tashuvchi quyidagi asosiy talablarga amal qilishi kerak:
  • transportda tashish yo`nalishi yaqinida muhim, yirik sanoat ob`ektlari bo`lmasligi kerak;
  • transportda tashish yo`nalishi dam olish zonalari, arxitektura, tabiiy qo`riqxonalar, alohida qo`riqlanadigan hududlar va boshqalar orqali o`tmasligi kerak, aholi punktlari orqali o`tishdan maksimal qochish zarur;
  • transportda tashish yo`nalishida avtotransport vositasi to`xtash joylari va yonilg`i quyish shoxobchalari nazarda tutilishi kerak;
  • transportda tashish yo`nalishi yirik aholi punktlari orqali o`tmasligi kerak. Istisno hollarda xavfli yuklarni yirik aholi punktlari ichi orqali tashish zarur bo`lganda harakat yo`nalishlari tomosha, madaniy-ma`rifiy, o`quv, maktabgacha va davolash muassasalari yaqinidan o`tmasligi kerak".
Xavfli yuklarni tashishda avtotransport vositalari harakati tezligi ham cheklanishi mumkin. Bunday cheklov "aniq yo`l sharoitlari hisobga olingan holda hududiy yo`l harakati xavfsizligi boshqarmalari tomonidan belgilanadi". Harakat tezligini cheklash belgilangan taqdirda cheklangan tezlikni ko`rsatuvchi belgi avtotransport vositasida yo`l harakati qoidalariga muvofiq o`rnatilishi kerak.

"Xavfli yuklarni tashishga ushbu toifadagi avtotransport vositasi haydovchisi sifatida kamida uch yil uzluksiz ish stajiga va avtotransport haydovchisini xavfli yuklarni tashishni amalga oshirayotgan xavfli yukni tashishga qo`yish to`g`risidagi guvohnomaga ega bo`lgan haydovchilar qo`yiladi". Ya`ni, ular maxsus tayyorgarlikdan o`tgan bo`lishlari shart.

Agar yo`lda bo`lish vaqti 8 soatdan ortiqni tashkil etsa, har bir avtotransport vositasiga xuddi shunday guvohnomaga ega bo`lgan ikki nafar haydovchi ajratiladi.

Shuningdek, haydovchilar bilishlari lozim bo`lgan yana qator talablar ham mavjud. Masalan, xavfli yuk ortilgan avtotransport vositasini boshqarayotgan haydovchiga avtotransport vositasini joyidan keskin siljitish, soatiga 30 kilometrdan ortiq tezlikda harakatlanayotgan transportni aylanib o`tish, keskin tormoz berish, avtomobil yo`llarining dovon uchastkalaridan o`tish vaqtida tezlik richagini bir pozitsiyadan boshqa pozitsiyaga o`tkazish, harakat vaqtida avtotransport vositasida chekish, ochiq olovdan foydalanish, avtotransport vositasini nazoratsiz qoldirish kabi harakatlar taqiqlanadi.

Xavfli yuklarni tashishda haydovchilarning dam olish uchun aholi punktlarida to`xtashlari ham taqiqlanadi. Ularning to`xtashlari uchun maxsus joylar ajratilishi lozim va bu joylarning ham turar joy imoratlari va odamlar to`planadigan joylardan kamida 200 metr masofada bo`lishiga ruxsat etiladi.

Xavfli yuklarni tashiyotgan avtotransport vositalarida hamma vaqt (shu jumladan kunduz kuni) yaqin chiroq faralari yoqilgan bo`lishi kerak.

Yoki noxush hodisa yuz berganda haydovchi begona shaxslarni hodisa joyiga qo`ymasligi, noxush hodisa to`g`risida eng yaqindagi hududiy ichki ishlar organlariga, avariya vaziyati yuzaga kelishi natijasida xavfli yuk shikastlanganda esa Favqulodda vaziyatlar vazirligining hududiy organlariga xabar qilishi, jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko`rsatishi va belgilangan boshqa vazifalarni bajarishi lozim.

Bundan tashqari, xavfli yukni ortish-tushirish paytida avtomobil dvigatelini o`chirib qo`yish, hatto, agar yukni jo`natuvchining yo`riqnomasida qayd etilgan bo`lsa, ortish-tushirishning belgilangan zonasidan tashqariga chiqib turish ham haydovchining vazifalariga kiradi.

Bundan ma`lum bo`lganidek, xavfli yuklarni ortish-tushirishning ham o`z tartib-qoidalari mavjud. Masalan, xavfli yuklarni ortish-tushirish joylarida (postlar, maydonlarda) begona shaxslarning hozir bo`lishi, shuningdek, xavfli yuklar ortilgan avtomobillar yaqinida odamlar va yuklarning to`planishi taqiqlanadi.

Xavfli yuklarni ortish, tushirish va qayta yuklash joylari, shuningdek, avtomobillar to`xtash joylari turar joy va ishlab chiqarish imoratlaridan va yuk omborlaridan 125 metr yaqin bo`lmagan joylarda, magistral yo`llardan esa kamida 50 metr uzoqlikda tanlanadi. Hatto xavfli yukni ortish-tushirish uchun navbat kutayotgan avtotransport vositalari ham ortish-tushirish joylaridan kamida 25 m masofada bo`lishi kerak.

Xavfli yuklar avtotransport vositalari kolonnasida tashish uchun ham alohida talablar belgilangan. Masalan, tekis yo`lda harakatlanishda avtotransport vositalari o`rtasidagi masofa kamida 50 metr, tog sharoitlarida - ko`tarilish va pastga tushishlarida kamida 300 metr bo`lishi kerak. Ko`rish 300 metrdan kam bo`lganda (tuman, yomg`ir, qor va hokazolar) esa ayrim xavfli yuklarni tashish umuman taqiqlanishi ham mumkin. Shuningdek, xavfli yuklar kolonna bo`lib tashilganda hududiy yo`l harakati xavfsizligi boshqarmalarining maxsus avtomobillari hamrohlik qilishi shart.

E`tibordan chetda qoldirilmasligi lozim bo`lgan yana bir talab shuki, "Xavfli yuk transportda tashilgandan keyin tozalanmagan bo`sh idishni tashish ushbu Qoidalar talablariga muvofiq ushbu xavfli yukni tashishdagiga o`xshash tartibda amalga oshiriladi".

O`zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi Axborot xizmati

Sayt bo`yicha qidirish:



 
 

© O`zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi, 2012

UZINFOCOM ишланмаси, Sayt boshqaruv tizimi MANAGER   DATACENTER UZINFOCOM