rus     eng     o'zb  
 
 
Sayt xaritasi Aloqa RSS
 
O`ZBEKISTON AVTOMOBIL VA DARYO TRANSPORTI AGENTLIGI
 
 
Bosh sahifa
Yangiliklar
Biz haqimizda
Komissiyalar, kengashlar, qomitalar
Litsenziyalash
Me`yoriy baza
Bazaviy interaktiv davlat xizmatlari
Qo`shimcha interaktiv xizmatlar
Malakaviy talablar
Tenderlar
Tanlovlar
Tadbirlar
Avtotransport xizmati fakt va raqamlarda
Xalqaro munosabatlar
uForum


O`zbekiston  avtomobil va daryo transporti agentligi boshlig`i o`rinbosari Sh.Shovahobovning 2011-yil 26-yanvar kuni bo`lib o`tgan Agentlik hay`at yig`ilishidagi Agentlikning 2010-yil ish yakunlari to`g`risidagi ma`ruzasi

Assalomu alaykum hurmatli hay`at a`zolari va yig`ilish qatnashchilari!

O`tgan 2010-yilda ham O`zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi o`z vakolatlari va vazifalaridan kelib chiqqan holda asosiy faoliyatini davom ettirdi.

Avvalo sohada amalga oshirilgan eng muhim jarayonlarga to`xtalib o`tsak. Bu o`rinda esa birinchi navbatda avtomobil transporti xizmatlari bozorida raqobat muhitini shakllantirish va barcha tashuvchilarga teng sharoit yaratib berish borasidagi ishlarni sanash o`rinli bo`lsa kerak. Zero, viloyat hokimiyatlaridagi Komissiyalar hamda Agentlik qoshidagi  Idoralararo Komissiya tomonidan yo`lovchi tashish yo`nalishlari ochiq tender tanlovlari orqali joylashtirishga jiddiy e`tibor qaratilgani natijasida-yil yakuniga ko`ra faoliyat ko`rsatayotgan 3721 ta yo`nalishning 3671 tasi yoki 98,7 foizi tenderlar orqali joylashtirildi. Shu jumladan, 2010-yilning o`zida jami 140 ta ochiq tenderlar o`tkazilib, ularda 1575 ta yo`nalish joylashtirilgan. Shundan 43 ta tenderda 423 ta shahar yo`nalishlari, 91 ta tenderda 947 ta shahar atrofi va 105 ta viloyat hududidagi shaharlararo yo`nalishlari hamda 6 ta tenderda 100 ta shaharlararo-viloyatlararo yo`lovchi tashish yo`nalishlari tashuvchilar o`rtasida joylashtirilgan. Bu yo`nalishda olib borilayotgan ishlar davom ettirilmoqda.

Bunday sa`y-harakatlar natijasi o`laroq hozirgi kunda respublikaning eng chekka qishloqlarida ham yo`lovchi tashish transporti xizmati yetib bormagan joy qolmadi.

Sohada amalga oshirilayotgan e`tiborga molik yo`nalishlardan yana biri avtoshohbekatlarni zamon talablariga moslash va avtotransport qatnovlarini ana shu avtoshohbekatlar orqali tartibli ravishda va harakat xavfsizligi talablariga mos ravishda amalga oshirishni yo`lga qo`yishdan iborat. Jumladan, Agentlik ko`magida Samarqand viloyatida 5 ta yangi avtoboshbekat qurilib, Guliston shahridagi avtoshohbekat qayta ta`mirlandi.

Agentlik hududiy bo`limlari joylarda mahalliy hokimliklar bilan birgalikda turli yo`nalishlar bo`yicha yo`lovchilar oqimi va aholining yo`lovchi tashish xizmatiga bo`lgan ehtiyojlari o`rganib chiqib, avtokorxonalardagi mavjud avtobuslarni yangilash masalalarida amaliy yordamlar ko`rsatib kelmoqda.

Bundan tashqari, 2010-yil davomida Samarqand avtomobil zavodida ishlab chiqarilgan "ISUZU" avtobuslaridan Samarqand viloyatida 246 ta, Farg`ona viloyatida 173 ta, Namangan viloyatida 26 ta, Toshkent viloyatida 44 ta, Andijon viloyatida 15 ta, Navoiy viloyatida 30 ta, Sirdaryo viloyatida 10 ta, Xorazm viloyatida 29 ta, Surxondaryo viloyatida 20 ta, Qashqadaryo viloyatida 86 ta va Qoraqalpog`iston Respublikasida 7 ta, jami 686 ta avtobuslar  lizing asosida sotib olinib, shahar va shahar atrofi yo`nalishlariga qo`yilishiga erishildi.

Agentlikning faoliyatidan kelib chiqib,  barcha asosiy yo`nalishlarda - litsenziyalash, litsenziatlar tomonidan litsenziya talablari va shartlarini rioya etilishi, yo`lovchi yo`nalishlarini ochiq tenderlarda joylashtirish, yo`lovchi va yuklarni avtomobil transportida tashish bilan shug`ullanayotgan yuridik shaxslar xodimlarini va yuklarni avtomobil transportida tashish bilan shug`ullanayotgan xususiy tadbirkorlarni malakaviy talablarga ko`ra test sinovlari orqali attestatsiyadan o`tkazish kabi masalalarida zamonaviy informatsion texnologiyalar joriy etilishga erishildi.    

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 9-martdagi "Avtomobil transportida yo`lovchilar tashish sohasidagi tadbirkorlik faoliyatining alohida turlarini amalga oshirishni tartibga solish to`g`risida"gi PQ-303-sonli qarori chiqqunga qadar jismoniy shaxslarni o`z tarkibiga biriktirib faoliyat ko`rsatayotgan yuridik shaxslar soni 314 tani tashkil etgan bo`lsa, 2011-yilning 1-yanvar xolatiga ularning soni 1929 taga yoki 7,1 marttaga ortdi va 2243 tani tashkil etdi.

Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi respublika Kengashining reja-jadvaliga muvofiq Agentlik tomonidan 2010-yil davomida rejadagi 67 ta tashkilot va korxonalarning barchasida avtotransport sohasidagi faoliyat tekshirildi va ularda aniqlangan turli xil noqonuniy xatti-harakatlar o`z vaqtida rasmiylashtirilib, O`zbekiston Respublikasining Soliq Kodeksiga muvofiq moliyaviy jazo choralari ko`rish uchun Davlat soliq idoralariga taqdim etildi.

Shu o`rinda aytish kerakki, hukumatimiz tomonidan xususiy tadbirkorlik faoliyatiga xalaqit berishi mumkin bo`lgan tekshiruvlarni imkon qadar kamaytirib borishga ham alohida e`tibor qaratilmoqda. Shu ma`noda Agentlik tomonidan ham 2009-yil davomida respublika Kengashining reja-jadvaliga asosan 81 ta xo`jalik yurituvchi sub`ektlar tekshirilgan bo`lsa, 2010-yil yakuni bilan tekshirishlar soni 14 taga qisqartirildi va 67 tani tashkil etdi.

Hisobot davrida Agentlik xodimlari Davlat soliq qo`mitasi va Yo`l harakati xavfsizligi boshqarmasi vakillari bilan birgalikda yo`llarda 4528 ta (2009-yilga nisbatan 143,1 foiz) qo`shma reydlar o`tkazdilar. Natijada ular tomonidan  61850 ta (2009-yilga nisbatan 206,1 foiz) avtotransport sohasida faoliyat ko`rsatish qoidalarini buzish holatlari aniqlandi. Shulardan 27346 tasi (2009-yilga nisbatan 153,3 foiz) jismoniy shaxslar tomonidan sodir etilgan. Ushbu qoidabuzarliklar bo`yicha hujjatlar tegishli ravishda rasmiylashtirilib, chora ko`rish uchun soliq idoralariga topshirildi.

Litsenziya talab va shartlariga rioya etilmasligi holatlari nisbatan qonuniy jazo choralari sifatida Agentlik tomonidan o`z vakolatlari doirasida 2010-yil davomida 103 ta litsenziatga tegishli 188 ta litsenziyalarning amal qilish muddati 10 kunga to`xtatildi. Shuningdek, 7 ta litsenziyaning amal qilishi sud qaroriga asosan tugatildi va 11 tasi bekor qilindi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 21-maydagi    "O`zbekiston Respublikasida 2010-yilgacha bo`lgan davrda xizmat ko`rsatish va servis sohasini rivojlantirishni jadallashtirishga oid qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida"gi  PQ-640-son qarori bilan belgilangan vazifalarning bajarilishi ta`minlandi.

Xususan, joriy-yilning o`tgan davrida respublika viloyatlarida jami 169 ta yo`lovchi tashish yo`nalishlarining ochilishi rejalashtirilgan bo`lib, amalda 203 ta (120,1 foiz) yo`nalish ochildi va 1602 ta yangi ish o`rinlari tashkil etildi.

Yangi yo`nalishlarning 168 tasida faqat qishloq aholiga xizmat ko`rsatilishi yo`lga qo`yilgan bo`lib, ularda jami 745 ta avtotransport vositasi (shundan 347 tasi avtobus, 398 tasi mikroavtobus va "Damas") faoliyat ko`rsatmoqda.

Avtomobil va daryo transport sohasiga oid normativ-huquqiy hujjatlarni shakillantirish Dasturiga asosan, o`tgan-yil davomida 17 ta normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqarildi.

Jumladan, Yo`lovchi tashish avtomobil transportida tarif siyosatining asoslari bo`yicha 2025-yilgacha bo`lgan davr uchun konsepsiya loyihasi ishlab chiqildi va manfaatdor vazirlik va idoralarga kelishish uchun kiritildi.

"Yo`lovchilar va yuklarni avtomobil transportida tashish bilan shug`ullanayotgan yuridik shaxslarning xodimlarini va yuklarni avtomobil transportida tashish bilan shug`ullanayotgan xususiy tadbirkorlarga qo`yiladigan malakaviy talablar to`g`risida"gi nizomga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish haqida"gi O`zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining 2010-yil 18-noyabrdagi 178-sonli buyrug`i, Adliya vazirligi tomonidan 2010-yil 18-dekabrda 1626-4-raqami bilan davlat ro`yxatiga olinidi va 2010-yilning 28-dekabridan amalga joriy etildi.

"Yo`l harakati xavfsizligi to`g`risida"gi O`zbekiston Respublikasi qonuniga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish haqida"gi O`zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi ishlab chiqilib, Ichki ishlar vazirligiga kiritildi.

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 14-iyuldagi 138-son "Avtomobil transportida yo`lovchilarni va yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo`nalishlar bo`yicha tashish faoliyatini litsenziyalash to`g`risidagi nizomni tasdiqlash to`g`risidagi"gi Nizomga qushimcha va o`zgartirishlar kiritish haqida"gi qarori loyihasi ishlab chiqilib, tegishli vazirlik va idoralarga kelishish uchun yuborildi.

"O`zbekiston Respublikasida shahar, shahar atrofi, shaharlararo va xalqaro yo`lovchi tashish yo`nalishlarida va soatbay tashishlarni amalga oshirishda, tashilgan yo`lovchilar sonini hamda bajarilgan yo`lovchi aylanmasi xajmini aniqlash qo`llanmasi" qayta ishlab chiqildi va kelishish uchun O`zbekiston Respublikasi Moliya hamda Iqtisodiyot vazirliklariga kiritildi.

"O`zbekiston Respublikasida xavfli yuklarni avtomobil transportida tashish qoidalarini tasdiqlash to`g`risida"gi qaror loyihasi qayta ishlab chiqilib, tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilib, Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.

Shu bilan birga, "Daryo transporti xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish qoidalari" Adliya vazirligi tomonidan davlat ro`yxatidan o`tkazildi.

"O`zbekiston Respublikasi kema qatnaydigan suv yo`llaridan foydalanish qoidalari" Adliya vazirligi tomonidan texnik normalar deb topildi va amalga kiritish to`g`risida qaror qabul qilindi.

Vazirlar Mahkamasining "O`zbekiston Respublikasi suv ob`ektlarida kichik xajmli kemalardan foydalanish qoidalarini tasdiqlash to`g`risida"gi qarori loyihasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishib olindi va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.

Agentlikning "Daryo transportidan foydalanish qoidalariga o`zgartirish kiritish to`g`risida"gi buyrug`i manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishib olindi.

O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda "O`zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining maxsus hisob raqamiga o`tkaziladigan mablag`lardan foydalanish tartibi to`g`risidagi nizom" ishlab chiqilib tasdiqlandi va Adliya vazirligi tomonidan 2010-yil 26-iyulda 2124-raqami bilan davlat ro`yxatiga olinib, 2010-yilning 5-avgustidan kuchga kiritildi.

Agentlik tomonidan boshqa vazirlik va idoralar tomonidan tayyorlangan me`yoriy-huquqiy hujjatlar bo`yicha ekspert xulosalari berildi.

Hisobot davrida Agentlikning mutasaddi vakillari bir qancha Hukumatlararo yig`ilishlarda ishtirok etdilar.

Jumladan, 2010-yilning 13-yanvar kuni Ashxobod shahrida (Turkmaniston) bo`lib o`tgan Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo`yicha o`zbek-turkman qo`shma komissiyasining beshinchi yig`ilishi ishida va 2010-yilning 17-18 yanvar kuni Tehron shahrida (Eron Islom Respublikasi) bo`lib o`tgan O`zbekiston Respublikasi va Eron Islom Respublikasi o`rtasidagi savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo`yicha Hukumatlararo qo`shma komissiyasining o`ninchi yig`ilishi ishida delegatsiya tarkibida ishtirok etildi.

Shuningdek, 2010-yilning 24-25-fevral kunlari Toshkent shahrida o`tkazilgan Markaziy Osiyoning mintaqaviy iqtisodiy hamkorligi dasturining transport va savdo bo`yicha Mintaqaviy qo`shma komitetining birinchi yig`ilishida ham Agentlik mutasaddi xodimlari hozir bo`ldilar.

Bundan tashqari Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga (ShHT) a`zo-davlatlar Hukumatlari o`rtasida xalqaro avtomobil tashuvlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish to`g`risidagi Bitim loyihasining ilovalarini muhokama etishga oid eksperlar yig`ilishida ishtirok etildi.

2010-yilning 25-29-oktabr kunlari Pusan shahrida (Koreya Respublikasi) bo`lib o`tgan Intellektual transport tizimiga bag`ishlangan 17-Butun jahon Kongressida O`zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining vakillaridan iborat o`zbek delegatsiyasi ishtirok etdi.

Shu bilan bir qatorda, O`zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligida joriy-yilning 5 may kuni Agentlik boshlig`ining Turkiya Respublikasining O`zbekistondagi Favqulotda va Muxtor Elchisi Mexmet Sertach Sunmezaya Janoblari bilan uchrashuvi hamda joriy-yilning 30-iyun kuni Eron Islom Respublikasining yo`l va transport vaziri o`rinbosari Janob Shahriyor Afandizoda boshchiligidagi delegatsiya a`zolari bilan uchrashuvlari bo`lib o`tdi.

Mazkur uchrashuvlarda avtomobilda xalqaro tashuvlar sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilinib, tomonlar avtomobilda davlatlararo tashuvlarning muhim axamiyatga ega ekanligini va tomonlar manfaatlaridan kelib chiqqan holda ushbu sohani rivojlantirish har bir davlatning tranzit salohiyatiga juda katta hissa qo`shishini ta`kidlashib bu borada yakdil ekanliklarini ma`lum qildilar.

O`zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari loyihalarini tayyorlash bo`yicha avtomobilda xalqaro tashuvlar sohasidagi quyidagi Bitim loyihalari ko`rib chiqildi:

O`zbekiston Respublikasining tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda O`zbekiston Respublikasi Hukumati va Norvegiya Qirolligi Hukumati o`rtasida xalqaro avtomobilda tashuvlar to`g`risidagi bitim loyihasi ko`rib chiqildi va kiritilgan taklif va mulohazalarni inobatga olgan holda bitim loyihasi qayta ishlab chiqildi va ko`rib chiqish uchun O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritildi. Ushbu bitim loyihasi O`zbekiston Respublikasi  Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 24-avgustdagi topshirig`i bilan diplomatik kanallar orqali Norvegiya tomoniga ko`rib chiqish uchun yuborildi.

Eron Islom Respublikasining yo`l va transport vazirligi tomonidan taqdim etilgan "O`zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Eron Islom Respublikasi Hukumati o`rtasida avtomobilda yo`lovchi va yuklarni xalqaro tashuvlari to`g`risidagi Bitim" loyihasi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda ko`rib chiqildi va kiritilgan taklif va e`tirozlarni e`tiborga olgan holda Bitim loyihasi qayta ishlab chiqildi va ko`rib chiqish uchun O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.

2010-yilda xalqaro avtomobil tashuvlarini amalga oshirish uchun Hukumatlararo Bitimlar doirasida 25 ta xorijiy mamlakatning transport bo`yicha vakolatli organlari bilan 4380 ta ruxsatnoma blankalari teng huquqlilik asosida almashtirildi.

2010-yilning 31-dekabr holatiga ko`ra milliy avtomobil tashuvchilariga 3495 dona ruxsatnoma blankalari tarqatildi.

Agentlikning Daryo kemachiligi registri va kemachilik inspeksiyasi tomonidan Respublikada mavjud 382 ta daryo transporti vositasi va 4 ta ponton ko`priklari aniqlangan bo`lib, shundan foydalanishda bo`lgan 279 ta daryo transporti vositasi va 43 ta seksiyadan iborat 4 ta ponton ko`prigi davlat reestriga kiritilgan.

Daryo transporti vositalarini hisobga olish, tasniflash va ularning texnik holatini nazorat qilish va belgilangan muddatlarda texnik ko`rikdan o`tkazish maqsadida 20 ta korxona bilan o`zaro shartnomalar tuzildi.

Kemalarni ta`mirlash ishlarini bajarish uchun 3 korxonaga "Korxonani e`tirof etilganligi to`g`risida guvohnoma" berildi.

Hisobot davrida 27 ta daryo transporti vositasi shahodatlashtirildi. 12 ta daryo transporti vositasi ro`yxatga olindi, 21 ta  daryo transporti vositasi qaytadan rasmiylashtirildi. Jami 33 ta Kema guvohnomasi berildi. 48 ta daryo transporti vositasi va 4 ta ponton ko`priklarining texnik holatlari tekshirishdan o`tkazildi va ularda aniqlangan kamchiliklar yuzasidan kema egalariga taqdimnomalar berildi va kamchiliklarni bartaraf etish muddati belgilandi. 3 ta ponton ko`prikdan foydalanish ta`qiqlandi, 1 ta ponton ko`prikka esa yuk ko`tarish bo`yicha cheklanishlar o`rnatildi.

Agentlik tomonidan viloyat bo`limlariga va har bir avtoshohbekat va avtoboshbekatlarga hamda tashuvchilarga bir necha bor yo`lovchilarga chipta sotilishini yo`lga qo`yish va to`liqligini ta`minlash hamda ular bo`yicha ma`lumotlarni Agentlikka taqdim etib borish haqida xatlar yuborilgan.

Avtoshohbekat va avtoboshbekatlar faoliyatini manitoring qilish bo`yicha Qoraqalpog`iston Respublikasi, Xorazm, Navoiy, Surxondaryo viloyatlarida esa vaziyat joyiga chiqqan xolda o`rganib chiqildi va monitoring natijasida quyidagilar aniqlandi:

Qoraqalpog`iston Respublikasi xududida faoliyat ko`rsatayotgan "Xo`jayli", "Nukus oraliq", "To`rtko`l", "Beruniy", "Qo`ng`irot", "Shimoliy Nukus orqa avtovokzali"  avtoshohbekatlariga 2004-yilda Pasportlar berilgan bo`lib, mavjud holat talablarga javob bermasligi aniqlangan.

Qoraqalpog`iston Respublikasi hududida faoliyat ko`rsatayotgan avtoboshbekatlardagi holatlar ham ularning aksariyatida ta`mirlash ishlarini olib borish, yo`lovchilarga chipta sotishning to`liqligini ta`minlash kabi choralar ko`rilishi lozimligini ko`rsatgan.

Xorazm viloyati hududida faoliyat ko`rsatayotgan "Oq yo`l STD", "Miralisher" va "Qo`shko`pir" avtoshohbekatlariga ham 2004-yilda Pasportlar berilgan bo`lib, ularda ham hozirgi kundagi holat talablarga javob bermaydi.

Xuddi shunday holatni Surxondaryo viloyati xududida faoliyat ko`rsatayotgan "Chag`aniyon" va "Angor" avtoboshbekatlari haqida ham aytish mumkin.

Navoiy viloyati hududida faoliyat ko`rsatayotgan "Karmana avtoshohbekati" avtoshhbekatining mulkchilik shakli, "Zolotogorsk" va "Umirzoq - ota" avtoboshbekatlarining nomlari  o`zgarganligi aniqlangan va ularga Pasportlarni qayta rasmiylashtirish bo`yicha ko`rsatma berilgan.

Monitoring ma`lumotlari bilan birgalikda avtoshohbekat va avtoboshbekatlar bo`yicha fotosuratlar to`plami ham tayyorlandi. Shundan so`ng Agentlikning maxsus komissiyasi tomonidan monitoring natijalari o`rganib chiqilib, pasportlarni qaytarib olish va tegishli hujjatlar taqdim etilganidan keyingina tegishli avtostansiya pasportlarini berish masalasini ko`rib chiqish haqida qaror qabul qilindi.

Boshqa viloyatlardagi avtovokzal va avtostansiyalar faoliyatini manitoring qilish ishlarini 2011-yilning fevral oyida davom ettirish rejalashtirilgan.

E`tiboringiz uchun rahmat!

Sayt bo`yicha qidirish:



 
 

© O`zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi, 2012

UZINFOCOM ишланмаси, Sayt boshqaruv tizimi MANAGER   DATACENTER UZINFOCOM